Toshkent shahrida 20 noyabr kuni Markaziy Osiyodagi eng yirik vaksinalar saqlanadigan sovuqlik ombori ishga tushirildi. Jahon bolalar kunida BMTning Bolalar jamg‘armasi UNICEF Markaziy Osiyodagi eng yirik vaksinalar omborini Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirdi. Ushbu ombor saqlash temperaturasi turlicha bo‘lgan katta miqdordagi vaksinalarni saqlashga mo‘ljallangan.

«Mazkur obyektning ochilishi ishonchli emlash tizimini yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, mamlakatda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish hamda aholi farovonligini oshirish bo‘yicha hukumatning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi», — deyiladi UNICEF vakolatxonasi xabarida.

«Bolalar salomatligi va kasalliklarning oldini olish O‘zbekiston hukumatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblangani bois bunday masshtabdagi sovuqlik omborining ochilishi juda o‘z vaqtida bo‘ldi», — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev. Ushbu ombor butun milliy emlash dasturi uchun logistika markaziga aylanib, vaksinalarni yetkazib berish va ularni boshqarish uchun imkoniyatlarimizni kengaytiradi".


Ombor deyarli 1000 m² uchta sovuqlik kamerasi (2−8 ° C), ultrasovuq sovutgichlar (3000 l hajmli) va muzlatgich xonalar (40 m3) bilan jihozlangan bo‘lib, immunizatsiya uchun zarur materiallar saqlanadigan 1000 m² quruq omborga ham ega.

Shuningdek, omborxona yuklarni tez va samarali boshqarish uchun elektr yuk ko‘targichlar, dok naveslari, tekislash platformalari va ko‘tarish mexanizmlari bilan jihozlangan. Ular ikkita elektr tarmog‘iga ulangan va uzluksiz elektr ta’minoti uchun kuchli zahira dizel generatoriga ega.

«Yaxshi ishlaydigan ta’minot tizimi va sovuqlik zanjiriga ega bo‘lish samarali milliy immunizatsiya dasturi uchun juda muhimdir», deya ta’kidladi UNICEF`ning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan. «UNICEF O‘zbekistonning butun milliy t’minot tizimi va sovuqlik zanjiri uzluksiz ishlashiga hissa qo‘shadigan hamda mintaqadagi boshqa mamlakatlarga namuna bo‘la oladigan ushbu obyekt qurilishida ko‘mak berganidan mamnun».


2017 yildan buyon UNICEF Gavi — Vaksinalar alyansining moliyaviy yordamida O‘zbekiston bo‘ylab jami 21 ta vaksina ombori qurilishida yordam berdi. Tashkilot sovutgichli yuk mashinalari, vaksinalar uchun konteynerlar va sovuqlik kameralarini yetkazib berdi, xodimlarni o‘qitish hamda obyektlar ekspluatatsiyasi bo‘yicha zarur qo‘llanma va ko‘rsatmalarni ishlab chiqishda ko‘maklashdi.

Qo‘llab-quvvatlash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • 21 ta yangi sovuqlik omborxonalari (bitta milliy, 14 ta hududiy va oltita tuman miqyosida);
  • 17 ta refrijerator yuk mashinasi, 206 ta mikroavtobus (har bir tuman uchun bittadan), 16 ta sedan va 16 ta SUV avtomashinalar;
  • birlamchi tibbiyot muassasalarida o‘rnatilgan 2078 ta sovutgich;
  • tuman darajasidagi sanitariya-epidemilogiya xizmati bo‘linmalari uchun 700 ta muzlatgich kameralari;
  • emlash punktlari uchun 6930 ta termosumkalar;
  • mobil emlash brigadalari uchun 862 sovuqlik konteynerlari;
  • respublika ombori uchun 10 ta ultra sovutgich jihozlari;
  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari uchun 671 ta sovutgich va 209 ta muzlatgich;
  • vaksina logistikasi bo‘yicha axborot tizimi va vaksinatsiya punktlari uchun 2500 ta IT-to‘plamlari.

Respublika ombori qurilishini Triumph Progress kompaniyasi amalga oshirib, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida ham 12 ta hududiy omborlarni qurdi.

Korxona direktori Timur Kenjayev ta’kidlaganidek, barcha inshootlar zaxira elektr ta’minoti tizimidan tashqari, yong‘in va xavfsizlik signalizatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, bu vaksinalarning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablari asosida ishonchli saqlanishini kafolatlaydi.