2 avgust kuni prezident imzolagan qonunga ko‘ra, Mehnat kodeksiga xodim emlanishdan bosh tortgan holda ish beruvchi uni vaqtincha ishdan chetlatishi mumkinligi haqida o‘zgartish kiritilgan edi.

Shunga muvofiq o‘tgan davr mobaynida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan mazkur normaga rioya qilinishi yuzasidan 27 923 ta tekshirishlar o‘tkazildi. Bu haqda SEOM axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tekshiruvlarning 7 905 tasi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda, 20 018 tasi budjet tashkilotlarida o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, tekshirishlar davomida jami 50 056 nafar vaksina olmagan shaxslar aniqlandi. Ularning 11 244 nafari xo‘jalik yurituvchi subyektlarda, 38 812 nafari budjet tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlarini tashkil etdi.

Vaksina olmagan 26 008 nafar shaxslar ishdan vaqtinchalik chetlatilgan. Yana 2 225 ta xolatda ish beruvchiga nisbatan jarima chorasi, 175 ta obyektga nisbatan esa faoliyatini vaqtinchalik muddatga to‘xtatish chorasi qo‘llanilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismiga asosan (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, mansabdor shaxslarga esa — o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Avvalroq Toshkent viloyatidagi tadbirkorlik subyektlari va budjet tashkilotlarida emlanishdan bosh tortgan jami 3229 nafar xodim ishdan chetlatilgani, 374 nafari esa jarimaga tortilgani haqida xabar berilgan edi.