Fransiya, Qatar va Yaponiyaning «EDF, Nebras Power, Sojitz Corporation» kompaniyalari konsorsiumi Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1600 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tenderda g‘olib chiqdi, deya xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Dastlabki saralash tanlovida Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, BAA va Fransiyadan 10 ta kompaniya ishtirok etgan va ulardan 8 tasi ushbu tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan.

Savdo ishtirokchilarining taqdim etgan takliflarini baholash natijalariga ko‘ra, ikkita kompaniya va bitta konsorsium elektr energiyasi tariflari bilan moliyaviy takliflarni ochishga ruxsat etildi. Bular «ACWA Power» hamda «Powerchina Resources Ltd» kompaniyalari, shuningdek, «EDF, Nebras Power, Sojitz Corporation» kompaniyalar Konsorsiumidir.

Natijalarga ko‘ra, konsorsium ishlab chiqariladigan 1 kVt*s elektr energiya uchun 3,367 AQSh sentga teng bo‘lgan tarifi bilan issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tender g‘olibi deb e’lon qilindi. «Powerchina Resources Ltd» ishlab chiqariladigan 1 kVt*s elektr energiya uchun 3,471 AQSh sentga teng bo‘lgan tarifi bilan ushbu tenderning zaxira g‘olibi deb e’lon qilindi.

IES 2025 yilning o‘rtasida ishga tushirilishi kutilmoqda. Elektr stansiyasining ishga tushirilishi yiliga 12 mlrd kVt*s elektr energiyasini ishlab chiqarishni ta’minlaydi.

«Loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonga elektr energiyasi hajmini oshirish maqsadlariga erishishga, 1,5 mln xonadonni qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, qurilish vaqtida 1000 ga yaqin yangi hamda stansiyadan foydalanish vaqtida 50 ta doimiy ish o‘rni yaratishga imkon beradi», — deya qayt etdi vazirlik.

Loyihani amalga oshirish uchun jalb qilingan investitsiyalar hajmi 1,2 milliard dollarga baholanmoqda.