YUNICEF O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda 0 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ota-onalari va boshqa g‘amxo‘rlik qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ota-onalar uchun «Bebbo» nomli o‘zining birinchi mobil ilovasining taqdimotini o‘tkazdi. O‘zbekiston Yevropa va MDH mintaqasida ushbu ilova taqdim etilgan birinchi davlat bo‘ldi.

Ota-onalarni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan ushbu bepul ilova ota-onalarni bolaning sog‘lig‘i va rivojlanishi bo‘yicha ovqatlanish va ko‘krak suti bilan boqishdan boshlab erta yoshdan ta’lim va o‘yinning ahamiyati, sezgir ota-onalik, himoya va xavfsizlik kabi keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha mutaxassislar maslahati bilan ta’minlaydi. Shuningdek, ilova ota-onalar va g‘amxo‘rlik qiluvchilar uchun o‘z farovonligini ta’minlash bo‘yicha ham aniq ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oladi, deyiladi YUNISEF xabarida.

Farzandlari hayotining dastlabki yillarida ko‘mak berish maqsadida Bebbo shuningdek, ota-onalarga olingan va rejalashtirilgan emlashlar, o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar va bolalar salomatligini tekshirish va rivojlanishning boshqa muhim bosqichlarini qayd etish imkonini beruvchi funksiyalarni o‘z ichiga oladi.

«Hayotning birinchi yillari bolalarning rivojlanishi uchun katta ahamiyat kasb etib, ularning bo‘lajak hayotiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu yangi ilova yordamida barcha ota-onalarga farzandlarini voyaga yetkazishdek mashaqqatli safarida ko‘mak berish uchun qo‘shimcha vosita bermoqchimiz», — dedi YUNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan. «Men barcha ota-onalarni bepul, ishlatish uchun qulay Bebbo ilovasini yuklab olishga va farzandlari hayotining ijobiy boshlanishini ta’minlashga chorlayman.»

YUNICEFning va milliy hamkorlar va bolalarning erta yoshlaridagi rivojlanishi bo‘yicha mutaxassislar birgalikda ushbu mobil ilovani mahalliy shart-sharoit va talablarga moslashtirdilar.

«Har bir o‘sayotgan bolaga g‘amxo‘rlik, sog‘lik va salomatlik, maqbul ovqatlanish va erta ta’lim olish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan rag‘batlantiruvchi va xavfsiz muhit yaratish katta axamiyatga ega. Foydalanuvchilar uchun qulay „cho‘ntak yo‘riqnomasi“ bo‘lgan Bebbo mobil ilovasi yosh bolalarni tarbiyalashda kattalarni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan», — dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Bebbo ilovasi ota-onalarni farzandlarining o‘sishi, rivojlanishi va farovonligini qanday qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z vaqtida sifatli maslaxatlar bilan ta’minlaydi. Bu, ayniqsa, xizmat ko‘rsatuvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish mumkin bo‘lmaganda yoki qiyinlashganda, shu jumladan hozirgi pandemiya sharoitida juda muhimdir.

«COVID-19 pandemiyasi davrida ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilar bilan aloqa uzilib qolganida, ota-onalarni o‘z vaqtida sifatli ko‘rsatmalar bilan qo‘llab-quvvatlash ehtiyoji paydo bo‘ladi. Farzandlarining ta’lim olishi, sog‘lig‘i va farovonligi borasida tez qaror qabul qilib, qo‘shimcha mas’uliyatni o‘z zimmalariga olgan holda birinchi bo‘lib javob harakatlarini amalga oshirish ota-onalar zimmasiga yuklanadi», -dedi sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev. «Yangi mobil ilova COVID-19 pandemiyasi davrida juda dolzarb vositadir, chunki ota-onalar va g‘amxo‘rlik qiluvchilar mutaxassislarning onlayn maslahatlari singari ishonchli ma’lumotlarni olish uchun imkoniyat yaratadi».

Ilovani yuklab olish: