Toshkent viloyatida vaksina olishni rad etgan xodimlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi, deb xabar bermoqda SEOM matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan viloyatda 1863 ta tekshirish tadbirlari tashkil etilgan, shunga qaramasdan 6526 nafar fuqaro vaksina olmagani aniqlangan.

«Ulardan 1402 nafari tadbirkorlik subyektlari va 5035 nafari esa budjet tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolardir», — deyiladi xabarda.

Ushbu fuqarolarga qonunchilikda belgilangan talablarga amal qilmaganligi uchun choralar ko‘rilgani aytilmoqda.

«Bunday holatlar Toshkent viloyatida 3608 tani tashkil etadi. Bular orasida 3229 nafar xodim vaqtincha ishdan chetlashtirilgan, 374 nafari tegishli tartibda jarimaga tortilgan bo‘lsa, beshtasi faoliyati to‘xtatilgan obyektlardir», — deyiladi SEOM xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2 avgust kuni prezident imzolagan qonunga ko‘ra, Mehnat kodeksiga xodim emlanishdan bosh tortgan holda ish beruvchi uni vaqtincha ishdan chetlatishi mumkinligi haqida o‘zgartish kiritilgan edi.