2022 yildan boshlab «O‘zbekneftgaz» AI-80 benzinini ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 16 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kompaniyaning Neftni qayta ishlash, neft-kimyo, neft mahsulotlarini saqlash, tashish departamenti direktori Xushnudjon Maxmudjonov ma’lum qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chora kompaniya strategiyasida ko‘zda tutilgan. «O‘zbekneftgaz»ning o‘z strategiyasi, siyosati bor. Bu — kelgusi yildan boshlab Ai-80 benzinini [ishlab chiqarishdan] bosqichma-bosqich voz kechish va yanada sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishdir», — dedi u.

Qayd etish joizki, 15 noyabr kuni «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev yig‘ilish o‘tkazib, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilayotgan «AI-80» avtobenzinning kunlik ishlab chiqarish hajmini 3 ming tonnagacha oshirish, kuz-qish mavsumida neft mahsulotlarining, ayniqsa, «AI-80» markadagi benzinning iste’molchilarning talabidan kelib chiqib yetkazib berish, yetkazib berish jarayonida uzilishlar bo‘lmasligini to‘la ta’minlashni topshirdi.

Ai-80 benzinini ishlab chiqarishni qisqartirish rejalari haqidagi ilk rejalar 2020 yil iyunda «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrifidan so‘ng e’lon qilingan edi. O‘shanda kompaniya matbuot xizmati zavodni modernizatsiya qilish varekonstruksiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida Ai-91, Ai-93, Ai-95 markali yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish va AI-80 markali benzin ishlab chiqarishdan butunlay voz kechish, shuningdek Yevro-5 talablariga javob beradigan dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarishga o‘tish kutilayotganini ma’lum qilgan edi.

Kompaniya matbuot xizmati rahbari Siyovush Hoshimov «Gazeta.uz»ga AI-80 benzinini ishlab chiqarishdan voz kechish imkonini beruvchi modernizatsiyaning navbatdagi bosqichini 2020 yil oxiri yoki 2021 yilning boshida yakunlash kutilayotganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq xuddi shu matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Farruh Qoraboyev benzin narxining oshish sabablarini sanab o‘tgan va narxlarni barqarorlashtirish uchun qanday choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgani haqida yozgan edik.