Abduxakim Mo‘minovich Xadjibayev O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylandi. 13 noyabr kuni u yangi jamoa oldida tanishtirildi, deb «Gazeta.uz»ga tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

U tayinlovga qadar 2020 yilning noyabr oyidan buyon sog‘liqni saqlash vaziri sifatida ishlab kelayotgandi. 11 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligiga Behzod Musayev rahbar bo‘ldi.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim Xadjibayev o‘z faoliyatini oddiy xirurglikdan boshlagan.

So‘nggi yigirma yil davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, Shoshilinch tibbiy yordam vrachlar assotsiatsiyasi raisi, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari va uch marotaba Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2003 yil «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» unvoni hamda 2020 yil «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.