AQSh hukumatinining COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli global chora-tadbirlari doirasida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonga qo‘shimcha 2,5 mln dollar ajratdi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.

Shu tariqa, O‘zbekistonning COVID-19ga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga AQSh hukumatining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shgan umumiy hissasi 16 mln dollardan oshdi.

USAID ushbu qo‘shimcha mablag‘ni dori vositalari sifatini ta’minlash va mamlakatda vaksinaga nisbatan ishonchsizlikni bartaraf etish uchun yuqori darajadagi texnik yordam ko‘rsatish uchun sarflaydi.

“O‘zbekistonda to‘liq emlanganlar soni asta-sekin o‘sib bormoqda. Ammo pandemiya hali tugamadi — virus butun mamlakat bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda va yangi variantlar global miqyosda doimiy xavf tug‘dirmoqda. Pandemiyaga barham berish barchaning xavfsizligini ta’minlash, hayotlarni saqlab qolish va global iqtisodiyotni tiklash uchun juda muhim”, — dedi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit.

“Vaksinalar bunda asosiy yechim bo‘lib, Bayden ma’muriyati bu harakatga sodiqligini yaqinda Qo‘shma Shtatlarning butun dunyo bo‘ylab 200 mln dozadan ortiq COVID-19 vaksinasini xayriya qilganini e’lon qilishi orqali namoyon qildi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Pandemiya boshlanganidan beri USAID O‘zbekiston hukumati bilan bir qator yo‘nalishlarda keng ko‘lamli hamkorlik qilib keldi. Bunga test sinovlari o‘tkazish uchun milliy laboratoriya tizimlarini mustahkamlash; laboratoriya va sog‘liqni saqlash muassasalarida infektsiyaning oldini olish va nazorat qilish; diagnostika salohiyatini kuchaytirish, COVID-19 kuzatuvini va tezkor javobni oshirish; kasallik yuqtirganlarni davolashni takomillashtirish; shuningdek, aholining COVID-19 haqida xabardorligini oshirish, jamoatchilikni jalb qilish va ko‘ngillilarni safarbar qilish kabilar misol bo‘ladi.