O‘zbekistonning umumiy energetika balansida jamoat binolarining iste’mol ulushi sanoat va transport sektorini ortda qoldirib, qariyb 60 foizni tashkil etmoqda.

Bu 11 noyabr kuni Energetika vazirligi va Jahon banki hamkorligida o‘tkazilgan «Binolarning energiya samaradorligini oshirish dasturini ishlab chiqish» mavzusidagi davra suhbatida ta’kidlandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosarining tadbirda ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda asosiy muammolardan biri bu energiya tejash masalasi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Nazirjon Nazirov.

«Boshqa mamlakatlarga nisbatan iqtisodiyotdagi energiya sig‘imi yuqori darajaga ega bo‘lgan O‘zbekistonda birinchi navbatda uy-joy va binolarni ekspluatatsiya qilishda energiya sarfini tubdan qisqartirish va energiya tejash bo‘yicha katta muammolar mavjud», — dedi Nazirjon Nazirov.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli binolarning energiya iste’moli oshishi atrof-muhit va iqlim o‘zgarishiga ham sabab bo‘lishini aytdi.

Marko Mantovanelli.

«Agar binolarni zamonaviy standartlarga moslashtirib qurmaydigan bo‘lsangiz qancha energiya qo‘shilishidan qat’iy nazar energiya iste’moli 50 foiz va undan ortiq darajada qolaveradi. Yuqori energiya iste’moli degani esa bu gazni atrof muhitga tashlash va iqlim o‘zgarishlari deganidir», — deya fikr bildirdi Marko Mantovanelli.

Anjumanda shuningdek, O‘zbekistonda isitish sarfi (solishtirma issiqlik sarfi) o‘rtacha 320−390 kVt. soatni tashkil qilishi aytildi. Bu ko‘rsatkich iqlimi sovuqroq bo‘lgan Gollandiyada 95 kVt. soatga, Yevropada o‘rtacha 150 kVt. soatga va dunyoda esa o‘rtacha 220 kVt.soatga teng.

Binolarning energiya samaradorligini oshirish quyidagi asosiy mezonlardan iborat:

  • tabiiy yoritish;
  • shamollatish, isitish va sovutish;
  • issiqlik izolyatsiyasi.

Qayd etilishicha, Hukumatning bir qator qarorlari asosida mavjud binolarda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kichik quyosh fotoelektr stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, issiqlik nasoslari, yorug‘lik tizimlari uchun LED manbalari, energiya tejovchi gaz yondirgichlari kabi qurilmalar va boshqalarni o‘rnatishga ruxsat etilgan.

Qolaversa, tadbirda Jahon banki va boshqa hamkorlar ishtirokida binolarning energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini ishlab chiqish boshlangani ma’lum qilindi.

«Faqat isitish qozonlarini zamonaviy energiya tejovchi qozonlarga almashtirish tabiiy gaz sarfini qariyb 20 foizga tejash imkonini beradi», — dedi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev.

Ta’kidlanishicha, bino va inshootlarning energiya samaradorligini ta’minlash va energiya tejaydigan texnologiyalardan foydalanish yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gazni (946 ming tonna neft ekvivalenti) tejash imkonini berishi mumkin.