Hisob palatasining 2022 yil uchun davlat budjeti yuzasidan xulosasiga ko‘ra, 2022 yilda energiya resurslari, jumladan, elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv va issiqlik energiyasi, sovuq suv va kanalizatsiya tariflari narxlari indeksatsiya qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, energiya resurslarining iste’mol narxlari indeksini hisoblash bazasidagi vazni va indeksga ta’siri asosidagi hisob-kitoblarga tayanilsa, mazkur resurslar narxlarining oshishi quyidagicha ko‘rinishda bo‘lishi mumkin:

  • elektr energiyasi — 33+ foiz;
  • tabiiy gaz — 21+ foiz;
  • issiq suv va issiqlik energiyasi — 20+ foiz;
  • sovuq suv va kanalizatsiya — 34+ foiz.

Qayd etilishicha, 2020−2021 yillarda energiya resurslari, jumladan elektr energiyasi va tabiiy gazni ichki iste’molchilarga sotish narxlari deyarli o‘zgarmagan.

Hisob palatasi xulosasiga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksini hisoblash bazasida yuqori vaznni egallovchi ushbu tovar va xizmatlar narxining oshishi, umumiy indeks miqdorining oshishiga olib keladi.

Shu nuqtai nazardan, energiya resurslari tarif narxlarining keskin oshirilishini hisobga olgan holda, 2022 yilda inflyatsiya darajasining o‘tgan yilga nisbatan pasayishini ta’minlash uchun boshqa iste’mol tovar va xizmatlar narxlari o‘sish sur’atlarini sezilarli darajada pasaytirish yuzasidan tavsiyalar berilgan.

Xususan, tegishli davlat mutasaddi tashkilotlariga asosiy iste’mol tovarlari hisoblangan «oziq-ovqat (go‘sht, un mahsulotlari, meva-sabzavotlar), nooziq-ovqat tovarlari (kiyim-kechak, qurilish mollari) va boshqa xizmatlar (transport va aloqa)ga bo‘lgan talabni to‘laqonli ta’minlash» orqali,mazkur tovarlar narxlari barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish tavsiya qilingan.

Avvalroq, 2020 yil yakuniga ko‘ra, «O‘ztransgaz» tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilayotgan tabiiy gazning qiymati va gazning o‘rtacha narxi orasidagi tafovut natijasida ko‘rilgan 3,6 trln so‘mlik zarar ko‘rilganligi munosabati bilan davlat budjetidan 1 trln so‘mlik subsidiya ajratilganligi haqida xabar qilingan edi.