O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev 9 noyabr kuni Frankfurt shahrida bo‘lib o‘tgan Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan «Diqqat markazida — Markaziy Osiyo. Iqtisodiyot haqida suhbat» xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.

«Do‘stlik» ordeni sohibi, Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi a’zosi, CLAAS mustaqil maslahatchisi Udo Fyolker, O‘zbekistondagi mahalliylashtirish haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda ushbu mamlakatda ishlab chiqarishni tashkil etish istagida bo‘lganlar uchun 25% atrofida mahalliylashtirish darajasiga erishish talab etilmoqda.

«Bu yerda sifat qanday ta’minlanadi? Konteynerli kranlarga kelsak, yaqinda O‘zbekistondan keltirilgan kranlarning sifatini tahlil qildim. Biz bundan ham kattaroq, masalan, xavfsizlik muammolari borligini aniqladik. Mahalliylashtirish — albatta, pulni tejash masalasidir. Va bu ham potensial eksport masalasidir, ammo eksport uchun sifat kafolati talab qilinadi. Siz nemis texnik idoralari bu borada sizga yordam berishi mumkin deb o‘ylaganmisiz?» — so‘radi u.

ITSV rahbari o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev «faqat ichki bozorga yo‘naltirilgan mahalliylashtirish haqida gapirishdan ma’no yo‘q», deya ta’kidladi.

«Biz bunga achchiq tajribamizdan ham, o‘sha paytda import o‘rnini bosish bilan shug‘ullangan boshqa Lotin Amerikasi davlatlarining tajribasidan ham amin bo‘ldik. Standartlashtirish masalasi, mutlaqo yangi standartlar, yangi qurilish normalari va qoidalari, sertifikatlashtirishning yangi usullarini oshirish va joriy etish masalasi juda dolzarbdir», — dedi u.

Unga ko‘ra, shu sababdan «O‘zstandart» agentligi tugatilib, uning negizida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etildi.

«Chunki biz texnik reglamentlar va standartlar bilan ishlashimizning ushbu qismiga hamkorlarimiz uchun qulay investitsiya muhitining juda muhim qismi sifatida qaraymiz. Bu yerda faqat bitta yo‘l bor — bu butun dunyo bo‘ylab maqbul bo‘lgan standartlarni hech bo‘lmaganda biz mahalliylashtirilgan mahsulotlarimizni yetkazib beradigan asosiy bozorlarda qo‘llashdir. Biz esa shu yo‘ldan boramiz», — dedi vazir o‘rinbosari.

Shuhrat Vafoyev xuddi shu anjumanda «O‘zbekistonning ambitsiyalari xom ashyo manbasi bo‘lib qolishdan ko‘ra kengroq» ekanligini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat global yetkazib berish zanjirlarida yuzaga kelgan bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun ishlab chiqarish va qayta ishlashning bir qismini o‘ziga olishi mumkin.

Aprel oyida bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov O‘zbekiston mahalliylashtirish dasturi orqali yil oxirigacha 3 mlrd dollarlik import o‘rnini bosishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Buning uchun 2300 dan ortiq loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda.