1 — 7 noyabr kunlari onlayn auksion orqali umumiy summasi 9,4 mlrd so‘mlik 3663 ta avtoraqam sotilgan. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi xabar berdi.

Ushbu davr mobaynida «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJning barcha savdo platformalarida 1 trln 733,1 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan haftaga nisbatan 8,1% ga past. Bunda birja savdolari sotuvlarning 83,2 foizini, ko‘rgazma-yarmarka savdolari — 1,7 foizni, elektron davlat xaridlari — 14,5 foizni va avtoraqamlarning onlayn-auksioni — 0,5 foizini tashkil etdi.

Qayd etilishicha, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 650,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida budjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 59,6 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Birja savdolari

O‘tgan haftada ochiq birja savdolari orqali jami 1 trln 442,3 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotilgan. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘ygan.

Jumladan hafta mobaynida birja savdolariga 5982 tonna paxta yog‘i qo‘yilgan va ulardan 2215 tonnasi, ya’ni 37,0% qismi sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 75 xaridor ishtirok etgan. Barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 mln 952,7 ming so‘mdan 15 mln 802,0 ming so‘mgacha, ya’ni 0,9% ga pasaygani ta’kidlandi. Birinchi navli paxta yog‘ining o‘rtacha haftalik kotirovkasi esa 18 mln 053,4 ming so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, hafta davomida birja savdolariga 292,65 ming tonna sement qo‘yilgan va ulardan 126,163 ming tonnasi, ya’ni 43,1% qismi sotilgan. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 25,2 ming tonnani tashkil qildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 510 ming so‘mdan 485,8 ming so‘mgacha, ya’ni 4,8 foizga pasaygan.

O‘tgan haftada birja savdolariga 10,573 ming tonna ko‘mir qo‘yilgan va ulardan 5,847 ming tonnasi, ya’ni 55,3% qismi sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 13 xaridor ishtirok etgan. Hafta davomida ko‘mirning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 334,9 ming so‘mdan 301,9 ming so‘mgacha, ya’ni 9,8 foizga pasaygan. Ko‘mirning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 346,8 ming so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Gazeta.uz» yanvar-sentabr oylarida onlayn-auksionlar orqali 221,1 mlrd so‘mlik «chiroyli» avtoraqamlar sotilgani haqida xabar bergandi.