8 noyabr kuni mamlakat jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun «Nelson Mandela қоидаларининг asosiy tamoyillari»mavzusida amaliy trening boshlandi, deya xabar qildi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz matbuot xizmati.

Uch kunlik ushbu tadbir Milliy markaz tomonidan YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Daniyaning Qiynoqlarga qarshi kurash instituti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Trening doirasida Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari hamda ushbu qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlar, tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ular jazoni ijro etish muassasasida xavfsizlik va inson huquqlarini muvozanatlash borasida tushuncha va amaliy bilimga ega bo‘lishadi.

Amaliy treningda Milliy markaz direktori Akmal Saidov, YeXHTning Insoniylik mezoni bo‘yicha katta loyihasi xodimi Marte Langeland, xalqaro ekspertlar Kaliya Kambanella, Vadim Chovgan, Mari Brasxolt, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etmoqda.