Facebook egasi Meta Platforms (MP) Qozog‘iston hukumatiga o‘zining kontent hisoboti tizimidan foydalanish imkoniyatini taqdim etgani haqida xabar bergan edik. Bu orqali Qozog‘iston hukumati tomonidan noqonuniy deb topilgan kontentni o‘chirish jarayonini soddalashtirish nazarda tutilgan.

Biroq, Facebook ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Meta Platforms kompaniyasi seshanba kuni Qozog‘iston hukumatiga kontentni boshqarish tizimidan foydalanishga ruxsat berganligi haqidagi ma’lumotni rad etdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Facebook bilan qo‘shma bayonot sifatida taqdim etilgan xabarda Qozog‘iston hukumati dushanba kuni Markaziy Osiyo davlati millionlab mahalliy foydalanuvchilar uchun Facebook`ni blokirovka qilish bilan tahdid qilganidan so‘ng, bu harakatni murosali yechim sifatida ta’riflagan edi, deyiladi xabarda.

Meta Platforms Qozog‘iston qo‘shma deb atagan bayonotni e’lon qilmagan, biroq Qozog‘iston axborot vaziri Aida Balayeva bayonotning matni Meta kompaniyasining Gonkongda joylashgan Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofisi rahbariyati bilan kelishilganligini ta’kidladi.

Meta Platforms`ning Osiyo Tinch okeani hududi aloqalari bo‘yicha direktor Ben MakKonaxining so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo hukumatlari mahalliy qonunlari buzilayotgani haqida kompaniyaning maxsus onlayn kanali orqali xabar berishi mumkin.

«Biz Facebook siyosati, mahalliy qonunlar va inson huquqlari xalqaro standartlariga muvofiq, har qanday hukumatdan mustaqil ravishda individual so‘rovlarni baholash uchun izchil global jarayonga amal qilamiz», — dedi Ben MakKonaxi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu jarayon «faqat Qozog‘iston uchun joriy qilingan emas, bu dunyodagi barcha davlatlar uchun bir xil».

1 noyabr kuni e’lon qilingan mamlakat hukumati va Facebook qo‘shma bayonotida tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, «Facebook Qozog‘istonga Facebook`ning „Content Reporting System“ (CRS) tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va eksklyuziv kirishni ta’minlaydi, bu esa hukumatga Facebook`ning global kontent siyosati va Qozog‘istonning mahalliy qonunlarini buzishi mumkin bo‘lgan kontent haqida xabar berishga yordam beradi», deya ta’kidlangan edi.

Facebook ijtimoiy siyosati bo‘yicha mintaqaviy direktori Jorj Chen kompaniya ushbu chora hukumatga zararli kontent bilan yanada samaraliroq kurashishda yordam berishiga umid bildirayotganini aytgan. Shuningdek, kompaniya Qozog‘iston bilan «bolalar uchun onlayn xavfsizlik» bo‘yicha hamkorlik qilayotgani ma’lum qilingan.