«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Muxtor Temirov 13-Qashqadaryo saylov okrugi matbuot markazi rahbari Jahongir To‘ychiyevni haqoratladi, ikki mansabdor o‘rtasidagi nizoni yoritishga uringan Daryo muxbiri Otabek Qo‘ldoshevga nisbatan esa kuch ishlatdi.

Nashrning yozishicha, voqea 20 oktabr kuni 13-Qashqadaryo saylov okrugi tomonidan viloyatda faoliyat yurituvchi va prezident saylovini yorituvchi (akkreditatsiyadan o‘tgan) jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, press-tur okrug bosh qarorgohidan boshlanib, so‘ng tumanlarda davom etishi kerak bo‘lgan. Ishtirokchilarni hududlarga olib borish uchun «O‘zbekneftgaz» tomonidan avtobus ajratilgan. Biroq kompaniya raisi o‘rinbosari Muxtor Temirov «avtobusni olib qo‘ygan».

Vaziyatga aniqlik kiritish uchun «O‘zbekneftgaz» mansabdorining oldiga borib qaytgan viloyat teleradiokompaniyasi direktori Jahongir To‘ychiyev hamkasblariga Muxtor Temirovdan shikoyat qilgan. «Men bu avtobus press-tur uchun berilganini aytsam, u bunga javoban meni tilga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqoratladi», — degan u.

Shundan so‘ng, Jahongir To‘ychiyev va boshqa jurnalistlar «O‘zbekneftgaz» mansabdori nima uchun o‘zini bunday tutayotganiga aniqlik kiritmoqchi bo‘lgan.

«O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Muxtor Temirov uning oldiga bir guruh kamera ko‘targan jurnalistlar bilan qaytib kelgan Jahongir To‘ychiyevga jurnalistlar oldida izoh bermasligini, u bilan o‘z xonasida xoli gaplashib olishi mumkinligini bildirgan. Shundan so‘ng, viloyat saylov okrugi matbuot markazi rahbari xonada «O‘zbekneftgaz» vakili bilan gaplashgan, boshqa jurnalistlar u yerga kiritilmagan.

Ichkariga kirib, voqeani tasvirga ola boshlagan muxbir Otabek Qo‘ldoshev «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Muxtor Temirov qarshiligi va qo‘pol munosabatiga duch kelgan. Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, mansabdor uni bo‘g‘ib, «ta’zirini berib qo‘yishi»ni aytgan. Shuningdek, Temirov va eshik oldidagi «posbon» muxbirning kamerasini tortib olishga uringan.

Keyinroq, okrug qarorgohiga «O‘zbekneftgaz» mansabdori olib qo‘ygan avtobus o‘rniga jurnalistlarni olib ketish uchun O‘zLiDeP ramzi tushirilgan avtobus yetib kelgan. Ammo OAV vakillari saylovoldi tashviqotni inobatga olib, O‘zLiDeP ramzi tushirilgan avtobusda ketishdan bosh tortgan. Mutasaddilar avtobusdagi partiya logotipini olib tashlashga kirishgan vaqti, jurnalistlar bunga ham qarshi chiqib, tumanlarga boshqa mikroavtobuslarda chiqib ketgan.

Otabek Qo‘ldoshev boshqa hamkasblari bilan birga Shahrisabzdagi saylovoldi jarayonlar bilan tanishayotganida, soat taxminan 12:50 larda Muxtor Temirov telefon qilib, xato qilib qo‘yganini aytgan va jurnalistdan uzr so‘ragan. U ko‘rishib, yana bir bor uzr so‘rashini aytgan biroq, uchrashuvga kelishilgan sanada Muxtor Temirov «O‘zbekneftgaz» rahbarining topshirig‘i bilan ketgani ma’lum qilingan.

Shundan so‘ng, muxbir bilan hech kim bog‘lanmagan. Nashrning «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi matbuot xizmatidan vaziyat yuzasidan so‘ragan izohiga, avvaliga buning uchun ma’lum vaqt so‘ralgan, keyin esa izoh berilmasligi ma’lum qilingan.

Daryo nashri saylovoldi jarayonni yoritishga jalb etilgan «jurnalistlarni haqorat qilgan va ulardan biriga qo‘l ko‘targan „O‘zbekneftgaz“ rahbari o‘rinbosari Muxtor Temirovning birgina uzr bilan o‘z ishini hech narsa bo‘lmagandek davom ettiraverishiga toqat qilib bo‘lmaydi», deb hisoblaydi.

«O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati rahbari Siyovush Hoshimovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, o‘zaro tushunmovchilik bo‘lgan kuni jamiyat tomonidan ajratilgan mikroavtobus ishlab chiqarish zaruriyati sababli boshqasi almashtirib berilgan.

«Lekin, bu vaziyatni noto‘g‘ri tushungan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasi direktori Jahongir To‘ychiyev norozilik bildirgan. „O‘zbekneftgaz“ boshqaruv raisining o‘rinbosari Muxtor Temirov vaziyatni tushuntirishga harakat qilgan va ikki o‘rtadagi bahs munozaradan so‘ng, Jahongir To‘ychiyev hammasini tushunib yetganini bildirgan hamda bu masalada o‘rtada muoammo yo‘q ekanligini bildirgan», — deyiladi izohda.

«Men shaxsan bo‘lib o‘tgan holatga aniqlik kiritish maqsadida Jahongir To‘ychiyev bilan bog‘langanimda u Muxtor Temirov bilan o‘rtalarida hech qanday ko‘ngilxiralik yo‘q ekanligini, barchasi joyida ekanligini bildirdi», — dedi kompaniya matbuot xizmati rahbari.

U mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Aprel oyida Qarshi shahrida Otabek Qo‘ldoshev ish faoliyati davomida IIB xodimining qo‘pol qarshiligiga ham uchragan edi. Muxbirning telefonini tortib olib, uni militsiya bo‘limiga olib borishni buyurgan Qarshi shahar IIB boshlig‘ining o‘rinbosari «qattiq hayfsan» olgandi. Boshqa xodimlarining harakatlarida esa hech qanday qonunbuzarliklar aniqlanmagani ma’lum qilingandi.