Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Chumchuqli mahallasida 3 kishi — ayol va uning ikki voyaga yetmagan farzandi is gazidan zaharlanish qurboni bo‘ldi. Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni ayol isitish pechida tappi va ko‘mir kukuni aralashmasidan tayyorlangan tezak yoqqan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga ma’lum qilishicha, 29 oktabr kuni soat 12:30 larda Urgut tumani, Chumchuqli mahallasida yashovchi N.O. (1983 y. t.) va uning voyaga yetmagan farzandlari Sh. A. (2010 y. t.), U.A. (2016 y. t.) hamda O.A. (2012 y. t.) pechkadan sizib chiqqan is gazidan zaharlangan holatda topilgan.

Mazkur pechka qarindoshlari tomonidan qo‘lbola usulda yasalgani aniqlangan.

Natijada, N.O, uning voyaga yetmagan farzandlari Sh. A. va U.A. hodisa joyida vafot etishgan. O.A. shifoxonaga yotqizilgan.

Tuman prokuraturasi tomonidan JKning 259-moddasi 2-qismi «a» (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Urgut tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Sanaqulovning ma’lum qilishicha, FVB xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar, OAV orqali, shuningdek turli tashkilotlar va mahallalarda yurib targ‘ibotlar olib borilyapti.

«Ammo shunga qaramasdan odamlar hamon uy isitish pechlarini yoqishda pechlarning sozligiga, mo‘rilarni tozalash ishlariga e’tiborsiz bo‘lishyapti. Jumladan, Chumchuqli mahallasida yuz bergan is gazidan zaharlanish hodisasiga ham to‘lib qolgan mo‘ri tozalanmasdan isitish pechi yoqilgani sabab bo‘lgan», — dedi u.

Avvalroq 15−25 oktabr kunlari Samarqand viloyatida is gazidan zaharlanish oqibatida 8 kishi vafot etgani xabar qilingan edi. Ularning 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir. Yana 1 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, viloyatda oktabr oyining boshidan buyon 128 ta aholi uylarida turli ko‘lamli yong‘inlar sodir bo‘lgan.