Facebook egasi Meta Platforms (MP) Qozog‘iston hukumatiga o‘zining kontent hisoboti tizimidan foydalanish imkoniyatini taqdim etdi, deya xabar qilmoqda Reuters agentligi. Xabarda aytilishicha, bunga Qozog‘iston hukumatining millionlab mahalliy foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqni bloklab qo‘yish bilan tahdid qilganligi sabab bo‘lgan.

1 noyabr kuni e’lon qilingan mamlakat hukumati va Facebook qo‘shma bayonotida Qozog‘iston tomonidan noqonuniy deb topilgan kontentni o‘chirish jarayonini soddalashtirish nazarda tutilgan. Ma’lum qilinishicha, bu turdagi kelishuv Markaziy Osiyo mintaqasida ilk marta imzolanishi.

Xabarda aytilishicha, mamlakat parlamenti sentabr oyida hukumatga ijtimoiy tarmoqlar va xabar almashish ilovalarini bloklash imkonini beruvchi qonun loyihasi ustida ishlay boshlagan edi. Mazkur qonun, agar ijtimoiy tarmoqlar ishlab chiquvchilari mamlakatda o‘z ofislarini ochmasa va rasmiylar shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun mas’ul shaxslarni tayinlamasa, hukumat mamlakat hududida ularni bloklashini nazarda tutadi.

Qonun loyihasini ishlab chiquvchilardan biri, hukumat rasmiysi Aydos Sarim o‘zining Facebook`dagi sahifasida qonun loyihasi texnologiya gigantlari bilan muzokaralar uchun yo‘l ochganini va kompaniya rasmiylari endi tegishli qoidalarni yumshatishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilgan.

Qo‘shma bayonotda, tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, «Facebook Qozog‘istonga Facebook`ning „Content Reporting System“ (CRS) tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va eksklyuziv kirishni ta’minlaydi, bu esa hukumatga Facebook`ning global kontent siyosati va Qozog‘istonning mahalliy qonunlarini buzishi mumkin bo‘lgan kontent haqida xabar berishga yordam beradi», deya ta’kidlangan.

Facebook ijtimoiy siyosati bo‘yicha mintaqaviy direktori Jorj Chenning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya ushbu chora hukumatga zararli kontent bilan yanada samaraliroq kurashishda yordam berishiga umid bildirmoqda. Shuningdek, kompaniya Qozog‘iston bilan «bolalar uchun onlayn xavfsizlik» bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.

«Qonun loyihasi tanqidchilari 19 millionlik avtokratik mamlakat hukumatini senzuraning yangi vositalariga ega bo‘lishga intilayotganlikda aybladilar, qonun loyihasi mualliflari esa u kiber-bulling [tahqirlash, haqorat — tahr.] va boshqa xavfli kontent tarqalishining oldini olishga qaratilganini ma’lum qildi», — deyiladi xabarda.

Hukumat bergan ma’lumotlarga qaraganda, Qozog‘istonda kamida 3,2 million Facebook foydalanuvchisi bor. Instagram va WhatsApp kabi boshqa MP ilovalari mamlakatda yanada ommalashgan.

Avvalroq Facebook asoschisi Mark Sukerberg kompaniya nomini Meta`ga o‘zgartirganini ma’lum qilgan edi.