Facebook asoschisi Mark Sukerberg kompaniya nomini Meta`ga o‘zgartirganini ma’lum qildi. Kompaniya barcha ilovalar va texnologiyalarni yangi brend ostida birlashtirib, odamlar muloqot qilishi, jamoalar yaratishi va biznesni rivojlantirishi mumkin bo‘lgan «metaolam»ni qurish niyatida.

«Metaolamning o‘ziga xos xususiyati borlik hissi bo‘ladi — go‘yo siz boshqa odamning yonida yoki boshqa joyda bo‘lgandek. O‘zini boshqa odamga yaqin his qilish ijtimoiy texnologiyalarning asosiy orzusidir. Shuning uchun biz uni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratishga qaror qildik», — dedi Mark Sukerberg Facebook Connect 2021 taqdimotidagi nutqida.

«Metaolam internetdagi bugungi ijtimoiy tajribalarning gibridiga o‘xshab ketadi, ba’zan uch o‘lchovga kengayadi yoki jismoniy dunyoga proyeksiyalanadi. Bu sizga, hatto birga bo‘lolmasangiz ham, boshqa odamlar bilan yorqin taassurotlarni baham ko‘rishga va jismoniy dunyoda qila olmagan narsalarni birgalikda bajarishga imkon beradi. Bu bizning kompaniyamiz uchun yangi bo‘lim ochadigan ijtimoiy texnologiyalarning uzun ro‘yxatidagi navbatdagi qadamdir», — deyiladi internet gigant bayonotida.

Meta aksiyalari birjada MVRS tikeri ostida ro‘yxatga olinadi. Kompaniyaning korporativ tuzilmasi, shuningdek, missiyasi («Insonlarni birlashtirish») va ilovalar nomlari (Facebook, Instagram, WhatsApp, Oculus va boshqalar) o‘zgarishsiz qolmoqda. Biroq, kompaniya brendi endi faqatgina Facebook bilan chambarchas bog‘liq bo‘lmaydi, bu «biz bugun qilayotgan barcha ishlarni aks ettira olmaydi, kelajakni aytmasa ham bo‘ladi», dedi Mark Sukerberg.

Uning ta’kidlashicha, kompaniya uchun xavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, ochiq standartlar va o‘zaro muvofiqlik (turli platformalar bilan moslik) masalalari ustuvor bo‘ladi.

Oxirgi bir necha oy ichida Facebook rebrendingini e’lon qilishi kutilgan edi. Bu kompaniyaning ichki hujjatlarini e’lon qilish bilan bog‘liq mojaro fonida sodir bo‘lgan. Avvalroq Facebook monopoliyada va yolg‘on ma’lumotlar tarqatilishiga qarshi yetarlicha kurashmaganlikda ayblangan edi.