Afg‘onistonning Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligi Kobulda aholini bug‘doy evaziga ish bilan ta’minlash bo‘yicha umummilliy mehnat dasturini ishga tushirdi. Bu haqda TOLOnews nashri xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, dasturning maqsadi — mamlakatda oziq-ovqat inqirozining oldini olish, qashshoqlikni kamaytirish va aholi uchun ish o‘rinlarini yaratishdan iborat.

Dastur doirasida ishchilar Kobul tepaliklarida ariqlar qazib, yomg‘ir suvi behuda ketmasligi, aksincha, ayrim hududlardagi o‘tlarni sug‘orib o‘tishi va shaharda suv toshqinlarining oldi olinishini ta’minlashlari ko‘zda tutilgan.

Mazkur dastur asosida aholiga ish haqi sifatida bug‘doy tarqatilishi aytilmoqda.

«Tolibon» hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, dastur doirasida 40 mingdan ortiq odam ish bilan ta’minlanadi va kelgusi ikki oy ichida mazkur tashabbus boshqa viloyatlarda ham joriy qilinishi rejalashtirilgan.

RIA nashrining yozishicha, dasturning ochilish marosimi 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. Tadbirda muvaqqat hukumat idoralari va vazirliklari vakillari ishtirok etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni kunlarda Afg‘onistonda beqaror siyosiy-iqtisodiy vaziyat sabab qariyb 23 million aholi oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda. Bu muammoni hal etishda asosan donor davlatlar yordamiga tayanilmoqda.

Xususan, oktabr oyi boshidan beri Termizdagi logistika markazi Afg‘onistonga BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining 40 vagon mahsulotlarini yubordi. 15−17 oktabr kunlari esa BMT Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Termiz xalqaro aeroportiga Afg‘oniston uchun 100 tonna gumanitar yuk olib kelingan edi. Yuklar Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahriga «Termiz — Hayraton» chegara punkti orqali yetkazildi.