Uzbekistan Airports kompaniyasi Toshkent aeroportida birinchi rasmiy spottingni tashkil etdi. Tadbir 22 oktabr kuni tongda bo‘lib o‘tdi. Samolyot va vertolyotlarni suratga olishda 15 nafar spotter va aviatsiyaga oid bloglar mualliflari ishtirok etdi. «Gazeta.uz' mamlakat tarixida birinchi rasmiy spotting haqida hikoya qiladi.

Poytaxt aeroportida spotting o‘tkazish g‘oyasi «Gazeta.uz»da aviatsiya texnikasi havaskorlari haqidagi «Samolyotlar parvozini yuz yil bo‘lsa ham kuzatardim» maqolasi e’lon qilinganidan keyin paydo bo‘ldi, — dedi Uzbekistan Airports matbuot kotibi Yevgeniya Grande. Mazkur maqola qahramonlari ko‘p yillar davomida shunday imkoniyatni kutishgan edi.

«Mazkur hodisa, ehtimol, ancha oldin sodir bo‘lishi kerak edi. Ammo ko‘p holatlar tufayli aeroport jurnalistlar, bloggerlar va, albatta, spotterlar uchun yopiq inshoot edi. Ammo hamma narsa o‘zgarmoqda. Menga birinchi marta O‘zbekistonda rasmiy spotting o‘tkazishni taklif qilishganda, nega bo‘lmasin ekan, dedim. Bu barcha xavfsizlik choralariga amal qilish bilan mumkin. Bu butun dunyoda odatiy amaliyot. Bu odamlar aviatsiyani uchuvchilardan kam sevmaydilar va ular aeroportlarimizda istalgan mehmonlardan bo‘lishlari kerak», — dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Tadbir spotterlar uchun shu qadar muhim bo‘lib chiqdiki, tadbir arafasida o‘zbekistonlik eng mashhur aviafotograf va spotting yulduzi Sardor Durumov (UzbekSpotter Telegram-kanali) Sankt-Peterburgdan uchib keldi.

Sardor Durumov.

Ishtirokchilar yig‘ilishi ertalab soat 5 da boshlandi. Barcha potterlar aeroportga vaqtinchalik kirish ruxsatnomasini oldilar. Biroq aeroport xizmatlari va strategik obyektni qo‘riqlash uchun mas’ul idoralar o‘rtasida muvofiqlashtirish yetishmasligi sababli spotterlar nazorat-o‘tkazish punktida ushlanib qoldilar bir nechta reyslarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldilar.

«Bunday turdagi tadbirlar uchun byurokratiyani bartaraf etish kerak, lekin bu birinchi spotting ekanligini hisobga olsak, umid qilamanki, kelajakda hammasi yaxshi bo‘ladi», — deydi spoter Eldar Xayrulov.

Biroq, spotterlarning fikriga ko‘ra, byurokratiya tadbirning yagona kamchiligi edi. Hatto sovuq havo va aeroport hududida yaxshigina esib turgan shamol ham ishtirokchilarning kayfiyatini buzmadi. Sankt-Peterburgning ayozli shamollariga ko‘nikkan Sardor Durumovni hisobga olmaganda, ularning aksariyati sovuq qotishdi ham.

Foto: Sardor Durumov.

Spotterlar aeroportning uchib ketish va uchib kelish zallari, turli aviakompaniyalar samolyotlarining uchishi va qo‘nishi, perron, xizmat ko‘rsatish texnikalari, bagaj tizimini tasvirga olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, mehmonlar uchun yaqin kunlarda ochilishi utilayotgan yangi uchish zali bo‘ylab ham ekskursiya tashkil etildi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Havo bandargohi hududi bo‘ylab harakatlanish uchun ma’muriyat potterlarga alohida avtobus ajratdi. Har bir nuqtada suratga olish ishlari yakunlanar ekan, ishtirokchilar bolalikdagi eng ezgu orzusi ro‘yobga chiqqandek, yuzlarida sirli tabassum bilan transportga o‘tirdilar.

«Taassurotlar — ajoyibb! — xursand bo‘ldi Asqar Turanazarov. — Bolalikdan ushbu ishtiyoq bilan ulg‘aygan hamda haligacha samolyot va vertolyotlarni ko‘rganda yoki ovozini eshitganda ularga mahliyo bo‘ladigan aviatsiya ishqibozi sifatida aytishim mumkinki, bugungi tadbir shunchaki ajoyib bo‘ldi. Aeroportga yetib kelish, samolyotlarning uchish va qo‘nishlarini perrondan kuzatish — ajoyib narsa. Yevgeniyaning (Uzbekistan Airports matbuot kotibi) avvaldanoq tadbirni spotterlar va bizning fikrimizga qarab tashkil etgani, tasvirga olish nuqtalarini biz tanlashimizga harakat qilgani eng ko‘p yoqdi. Va u buni juda yaxshi amalga oshira oldi».

Foto: Asqar Turanazarov, Aerospace Lad Telegram-kanali muallifi.

Ishtirokchilar, shuningdek, yorug‘lik bo‘yicha ham omadi kelganini ta’kidladilar. Payshanba kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan qolgan bulutlar ertalab tarqalib ketdi. Quyosh nurlari bulutlar orasidan o‘tib, tog‘larning qor bilan qoplangan tepalarini oltin nur bilan yoritdi. Tong osmoni fonida samolyotlar osmonga ko‘tarilar, uchish-qo‘nish yo‘lagiga qo‘nardi.

Foto: Roman Valiyev.

Spotter Sarvar Haydarov ushbu tadbir aeroport uchun ham, spotterlar uchun ham muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi. Bu faoliyat butun dunyoda, jumladan, MDHda ham tobora ommalashib bormoqda. Spotterlar bunday tadbirlar o‘tkaziladigan mamlakatlar va shaharlarning tan olinishiga katta hissa qo‘shadi va turizmning rivojlanishiga hissa qo‘shadi, deya qo‘shimcha qildi u.

«Muhtaram prezidentimiz mamlakatimizda turizmni rivojlantirish muhimligini bir necha bor ta’kidladilar. Ko‘plab mashhur xorijlik spotchilar O‘zbekistonga tashrif buyurishni va bunday tadbirlarda qatnashishni xohlashadi. Endilikda, spottingga rasmiy start berilgan ekan, umid qilamanki, ularning ko‘plari mamlakatimizga tashrif buyurib, o‘z hissalarini qo‘sha oladilar», — dedi Sarvar Haydarov.

Foto: in4avia Telegram-kanali.

«Ushbu tadbirning ahamiyatini ortiqcha baholab bo‘lmaydi, chunki bu mamlakatimiz uchun birinchi bunday tajribadir! Ilgari biz — mahalliy spotterlar va oddiy aviatsiya ishqibozlari — aeroport chegaralarida samolyotlarni yashirincha kuzatish va suratga olishga to‘g‘ri kelardi. Xavfsizlik choralarining gipertrofiyasi tufaylimi yoki vatandoshlarimizning kamerali odamlarga nisbatan noroziligi va ehtiyotkorligi tufayli, aeroport perimetrida kamerani tutgancha ochiq ko‘rina olmasdik. Bugun esa mamlakatimiz uchun tengi yo‘q misolni ko‘rdik, ular spotterlarga shunchaki e’tibor bermay, ularni hududga taklif qilishdi, ularni deyarli uchish-qo‘nish yo‘lagining o‘ziga qo‘yib yuborishdi! Ilgari ular bunday narsani orzu ham qilmagan edilar», — deydi spotter Iskandar Sharafov.

Foto: Iskandar Sharafov.

«Men uchun mazkur voqeaning birinchi navbatdagi muhimligi shundaki, nihoyatda konservativ va yopiq tashkilotlar hozir ochiq va do‘stona bo‘lish barchaga yopiq bo‘lishdan ko‘ra ancha qulayroq va foydaliroq ekanini anglab yetmoqda. Ikkinchidan, boshqa davlatlardagi hamkasblarimizdangina o‘qiy olganimiz tadbirda qatnasha olganimiz vajidan muhim», — dedi Anton Yakunin.

Surat: Anton Yakunin.

Uzbekistan Airports matbuot kotibi Yevgeniya Grande bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Shuning uchun bo‘lib o‘tgan spotting kuzgisi deb ataldi. Aeroport ma’muriyati, shuningdek, fotobankni to‘ldirishga umid qilmoqda — bu aviaspotting dunyosida o‘zaro manfaatli odatiy amaliyotdir: aviakompaniyalar va aeroportlar chiroyli suratlarni qo‘lga kiritishadi, spotterlar esa o‘zlari yoqtirgan ish bilan shug‘ullanadilar.

«Xorijiy aeroportlar spotterlarga kirish ochiq va parvoz hududi ko‘rinib turgan maxsus maydonchalar, press-turlar va ochiq eshiklar kunlarini taklif qiladilar. Buning evaziga aeroportlar yaxshi PR va ko‘plab sifatli kontentga ega bo‘ladi. Aeroportlarimizda ham vaqt o‘tishi bilan spotterlarning ehtiyojlari va zarur xavfsizlik choralarini hisobga olgan holda shunga o‘xshash maydonchalar paydo bo‘lishini juda xohlardik», dedi Iskandar Sharafov.

Foto: Muxitdin Ishanxodjayev.

Kompaniya matbuot kotibining fikricha, olingan suratlar kelajakda vaqtinchalik ko‘rgazma sifatida aeroport binosida ham namoyish etilishi mumkin. Shu tariqa aeroport o‘zining ochiqligini ko‘rsata oladi.

«Tashkilotchilar qo‘llaridan kelganicha harakat qilishdi, buning uchun ularga katta rahmat. Shubhasiz, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p, ammo ishonchim komilki, biz bu harakatni rivojlantira olamiz. Birgalikda mehnat qilib, yuksak marralarni zabt etishimiz va mamlakat aviatsiya sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shishimiz mumkin», — dedi Sarvar Haydarov.

Foto: Ravshan Xamidov / AviaAlertsUZ.

Aviatsiya ixlosmandlari mamlakatning boshqa aeroportlarida spotting o‘tkazish va spotterlarni o‘z hududiga kiritish tartibini soddalashtirishga umid bildirdi. Ularning fikricha, ko‘plab mamlakatlarda bu jarayonlar tezroq amalga oshiriladi. Ularni soddalashtirishning iloji bo‘lmagan hollarda, muhofaza qilinadigan obyekt hududidan tashqarida spotting uchun sharoitlar yaratiladi.

«Aeroport xavfsizligi va huquq-tartibot idoralari darajasida [aeroport chegaralari yaqinida tasvirga olish] hali ham yoqmaydi. Bundan tashqari, aeroport ichida spotting uchun bir yoki ikkita nuqta bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Aytaylik, terminal ichida», — dedi Asqar Turanazarov.

Foto: Asqar Turanazarov, Aerospace Lad Telegram-kanali muallifi.

«Jarayonlarning o‘zini soddalashtirish mumkin, zero bu aeroportning ichki „oshxonasi“. Dunyoning yetakchi aeroportlarida tashkil etilganidek, aeroport chegaralaridan tashqarida ham spotting uchun maydonchalarni tashkil qilish orqali sharoit yaratish mumkin. Ko‘p narsalarni o‘ylab topish mumkin. Asosiysi, buni rahbariyatga isbotlash istagi va imkoniyati bor», — deya qo‘shimcha qildi Eldar Xayrulov.

Foto: Muxitdin Ishanxodjayev.

«Biz ishonamiz va umid qilamizki, kelgusida spottingga qiziquvchilar soni ortishi bilan umuman jamiyat, xususan, aeroportlar rahbariyati bu xobbining bezarar ekanligini tushuna boshlaydi», — deydi spotter Iskandar Sharafov.

Foto: Muxitdin Ishanxodjayev.