29 sentabrdan 17 oktabrga qadar Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida o‘tkazilgan razvedka va maxsus bo‘linmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida dunyoning jami 18 ta davlatidan 103 ta jamoalar ishtirok etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Musoboqada mezbon Buyuk Britaniya, O‘zbekiston, Kosovo, Gretsiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSh, Daniya, Indoneziya, Shveysariya, Litva, Niderlandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar o‘zaro bahs olib bordi.

Foto: Mudofaa vazirligi axborot xizmati

Musobaqaning faol fazasi 14 oktabr kuni boshlangan.

Musobaqa konkurslaridagi yo‘nalish 90 km masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat bo‘lib, har 8−10 km da bir nechta jangovar topshiriqlar bajarilgan.

Shuningdek, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan 3 km masofadagi zararlangan hududdan o‘tish, joyni razvedka qilish va tog‘ daryosini kesib o‘tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni turli yo‘llar bilan evakuatsiya qilish, mina to‘sig‘idan yakka va guruh tarkibida o‘tish, dushman obyektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so‘roq qilish kabi shartlar ham bajarilgan.

Foto: Mudofaa vazirligi axborot xizmati

Bundan tashqari jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” (xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo‘naltirish, harbiy topografiya me’yorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi bo‘yicha test topshirish, razvedka bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo‘yicha me’yorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar bo‘yicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi bo‘yicha bildiruv berish) topshiriqlari ham berilgan.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi musobaqada turli murakkab shartlardan iborat 90 km masofani 37 soatda bosib o‘tdi.

Xalqaro musobaqa natijalariga ko‘ra, 1-o‘rin va oltin medallarni mezbon davlat — Buyuk Britaniya jamoasi, 2-o‘rin va kumush medallarni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi, 3-o‘rin va bronza medallarni AQSh jamoasi egalladi.

Foto: Mudofaa vazirligi axborot xizmati