AQShning Diniy erkinlik bo‘yicha xalqaro komissiyasi (USCIRF) 13 oktabr kuni O‘zbekistondagi diniy va siyosiy mahbuslar haqidagi hisobotni chop etdi (PDF). Tadqiqot hukumat ma’lumotlari, rasmiylar, yaqinda qamoqdan ozod qilingan mahbuslar, huquq himoyachilari va ayni paytdagi mahbuslarning qarindoshlari bilan suhbatlar hamda sud hujjatlari asosida tuzilgan.

Hisobotda aytilishicha, 2016 yil oxiridan — mamlakatda prezidenti almashganidan beri minglab mahbuslar ozod qilinganiga qaramay, 2000 dan ortiq odam konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish, taqiqlangan adabiyotlarni saqlash yoki taqiqlangan guruhlarga a’zolik kabi «noaniq va keng interpretatsiya (talqin) qilinadigan ayblovlar» bilan qamoqda qolmoqda.

Hammasi bo‘lib, komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, diniy va siyosiy sabablarga ko‘ra hukm qilingan 1176 nafar mahbus qamoqxonalarda, 1000 nafari — manzil-koloniyada saqlanmoqda. Shunday qilib, ularning umumiy soni 2176 kishini tashkil etadi. Bu mamlakatdagi mahbuslarning 10 foizga yaqini (2020 yil oxirida 43 ta qamoqxonada 22 867 nafar mahkum bo‘lgan) demakdir.

«Bu sobiq ittifoq respublikalaridagi barcha diniy mahbuslar yig‘indisidan ko‘ra ko‘proq va dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri», — deyiladi hisobotda.

USCIRF mahbuslarning ko‘p qismi «qiynoqlar va shafqatsiz muomala, shuningdek hibsga olish va sud jarayonida himoya yoki advokat bilan bog‘lanish haqidagi so‘rovni rad etish borasida ishonchli da’volarni ilgari surishgan», deya qayd etdi.

Hisobotda O‘zbekistonda minglab vijdon mahbuslari 20 yildan ortiq muddatga jazoni o‘tayotgani qayd etilgan, bu «dunyodagi diniy e’tiqod uchun eng uzun hukmlardan biri"dir. Hisobot mualliflarining yozishicha, ko‘pincha «oilalarning turli avlodlardan bo‘lgan bir nechta a’zolari» diniy ayblovlar bilan qamoqqa tashlanadi.

«Ko‘p sondagi diniy mahbuslar» faqat taqiqlangan diniy guruhlarga a’zolikda ayblanib, zo‘ravonliklarga aloqadorligi isbotlanmagan holda hukm qilingan, deb xabar beradi USCIRF.

Hisobotda «hibsdalik vaqtlarida diniy mahbuslarning qamoq muddati o‘zboshimchalik bilan uzaytirilishi va qayta hukm qilinishi bilan bog‘liq xavotirli manzara» qayd etilgan.

«Jumladan, Jinoyat kodeksining mashhur 221-moddasi (jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablarini bajarmaslik) — Karimov boshqaruvi davrida diniy va siyosiy mahbuslarning qamoq muddatini o‘zboshimchalik bilan uzaytirish uchun tez-tez qo‘llanilgan jinoyat qonunchiligi holati — bekor qilinganiga qaramasdan, O‘zbekistonda diniy va siyosiy mahbuslarning katta qismi qamoqdalik vaqtlarida yangi ayblovlar bilan hukm qayta ko‘rib chiqilgani sababli hali ham hibsda saqlanmoqdalar. Hukmning takroran chiqarilishi adolatli sudlov standartlarining buzilishi bilan sodir bo‘lmoqda», — deyiladi hisobotda.

Komissiyaning tasdiqlashicha, O‘zbekiston hukumati ushbu diniy mahkumlar uchun chiqarilgan qayta hukmlar to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlarni taqdim etmagan. Biroq, hisobotga ko‘ra, qayta hukm o‘qilganlarning aksariyati JKning 159 (), 216 (), 244 () va boshqa ekstremizga oid moddalari bo‘yicha qamalganlardir. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, bunday mahkumlar uchun yangi qamoq muddatlari 6 yildan 18 yilgachani tashkil etadi.

Komissiyaning fikricha, hukumat imkon qadar tezroq qamoqdalik vaqtida 221-modda bo‘yicha muddati uzaytirilgan yoki qayta hukm o‘qilishi bilan bog‘liq har bir mahkum ishini maqsadli tartibda o‘rganib chiqishi lozim.

Hisobotda mahbuslarning ko‘pchiligi majburiy tartibda chet eldan majburan qaytarilgani, bunda ayrim holatlarda inson huquqlari sohasida zarur huquqiy jarayonlar va boshqa me’yorlar buzilgani uchun xavotir bildirilgan. Bunday shaxslar qatoriga BAAdan ekstraditsiya qilingan Muhamadjon Ahmadjonov va Rossiyadan mehnat muhojirligidan qaytishi bilan hibsga olingan Umar Badalov kiradi.

«O‘zbekiston Jinoyat kodeksining ko‘plab moddalari, jumladan 2021 yilning martida taklif qilingan hamda «diniy ekstremizm» va «konstitutsiyaga qarshi faoliyat»ga taalluqli o‘zgartishlar shunchalik noaniq va kengki, ular inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqlarni buzadi…Ushbu yo‘nalishlarda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga chiqarilgan hukmlar, demak, haqiqiy emas va faqatgina shu asosga ko‘ra bekor qilinishi lozim», — deyiladi USCIRF hisobotida.

Komissiya mahkumlarni reabilitatsiya qilish масаласидаги muammolarni ham qayd etdi. Garchi faqat oqlov hukmi reabilitatsiya va zararni qoplash huquqini bersa ham, barcha diniy va siyosiy mahbuslarning ozod qilinish shakli qonuniy reabilitatsiyani istisno qiladigan afv yoki amnistiya ko‘rinishida bo‘lgan.

«Ayrim holatlarda mahbuslardan yozma ravishda o‘z ayblariga iqror bo‘lishlari yoki kechirim so‘rashlari so‘ralgan, bu esa ularni keyinchalik oqlash yoki reabilitatsiya qilishga urinishlarini imkonsiz qilgan. Ko‘pchilik shartli ravishda ozod qilingan. Ba’zilardan kompensatsiya va boshqa zararni qoplashning boshqa shakllariga bo‘lgan huquqidan voz kechish talab qilingan. Ko‘p ish beruvchilar sobiq diniy yoki siyosiy mahbuslarni jalb qilishni xohlamaydilar, chunki ular jarimalardan yoki davlatning foydali shartnomalarini yo‘qotishdan qo‘rqishadi; boshqalar potensial xodim oddiy jinoyatchi bo‘lmaganiga ishonishmaydi», — deyiladi hisobotda.

USCIRF davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ish takliflari ko‘p hollarda «shaxsning malakasi nuqtai nazaridan nomuvofiq va ba’zida kamsituvchi» bo‘lishini ta’kidlaydi.

«Qamoqdan keyin reabilitatsiya qilingan maqomga ega bo‘lish amaliyotda juda qiyin va ozod qilingan diniy mahbuslarning juda oz qismi o‘z ishlarini qayta ko‘rib chiqishlari yoki reabilitatsiyadan o‘tishlari mumkin», — deb qayd etdi komissiya.

«Jiddiy islohotlarga muhtoj soha»

O‘zbekiston o‘zining birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan keyin diniy erkinlik sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi, biroq ekspertlar fikricha, bu borada hali ham yaxshilanish imkoniyatlari bor.

Vaziyat bilan tanishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan inson huquqlari bo‘yicha advokat va USCIRF hisoboti muallifi Stiv Sverdlovning aytishicha, «hukumat va ayniqsa davlat xavfsizlik xizmatlariga diniy erkinlikni, xususan, qo‘shni Afg‘onistondan kelib chiqadigan terrorizm xavfi bilan muvozanatlashga to‘g‘ri keldi», — deya uning so‘zlarini keltiradi Washington Times.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda «hali ham katta tizimli muammo mavjud, ya’ni xavfsizlik xizmatlari barcha qarorlarga zaruratsiz ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda».

Komissiya Islom Karimov hukmronligi davrida qamoqxonalarda 7 mingdan 10 minggacha siyosiy va diniy mahbuslar bo‘lganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, «potensial diniy ekstremistlar»ning «qora ro‘yxati»ga o‘n minglab ismlar kiritilgan.

O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 20 mingdan ortiq «mustaqil musulmonlar va ularning qarindoshlari» «qora ro‘yxat»dan chiqarildi. Jumladan, 65 nafardan ortiq taniqli siyosiy mahbuslar va yana diniy mahbuslarning katta guruhi qo‘yib yuborildi.

Biroq BMT tuzilmalaridan ko‘p sonli chaqiruvlarga qaramay, rasmiylar hech qachon diniy sabablarga ko‘ra hukm qilingan ozod qilingan va qamoqda qolgan fuqarolarning sonini yoki ismlarini e’lon qilmagan.

«Bugun taqdim etilgan hisobot O‘zbekistonning yutuqlarini kamaytirmaydi, lekin hali ham jiddiy islohotlarga muhtoj bo‘lgan sohani ta’kidlaydi», — deydi USCIRF raisi Nadin Maenza.

Komissiya raisi o‘rinbosari Nuri Turkel 53 yoshli Muxitdin Irgashev va 42 yoshli Farrux Yo‘ldoshev ishlariga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkalasi ham qiynoqqa solingan, Yo‘ldoshevning yetti yillik qamoq muddati 2000 yildan buyon bir necha bor uzaytirilgan. Irgashevga kelsak, u 15 yilga, uning ikki o‘g‘li uzoq muddatga — 12 va 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

«Bu shaxslar yoki hisobotda ko‘rsatilgan boshqa 79 kishining zo‘ravonlik, zo‘ravonlik tahdidi, zo‘ravonlikka undash yoki boshqa har qanday jinoiy xatti-harakatlarda qatnashgani yoki ular bilan aloqadorligi to‘g‘risida ishonchli dalillar yo‘q», — dedi u.

Hisobotda jami 81 mahkumning ismlari keltirilgan, ular orasida Fayzulla Agzamov, Jahongir Kamolov, Toxir Jumanov, Miraziz Mirzahmedov, Ravshan Karimov, Jamshidbek Otabekov, Shamsiddin G‘iyosov, Rustam Turnaziyev, Nomoz Normurodov, Bahromjon Inog‘omov, Shuhrat Usmonov, Qodir Yusupov va boshqalar bor.