«Tolibon» Afg‘onistonda o‘rmonlarni kesish va yog‘och kontrabandasini taqiqladi

Afg‘oniston muvaqqat hukumati mamlakatda o‘rmonlarni kesish va yog‘och kontrabandasini taqiqlovchi farmon chiqardi. Bu haqda harakat vakili, axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari Zabihulloh Mujohid ma’lum qildi. «Bugun hukumat qarori bilan o‘rmonlarni kesish, shuningdek yog‘ochni noqonuniy sotish va kontrabanda qilishni qat’iyan taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Viloyatlardagi xavfsizlik xizmatlari va hokimiyat organlari buni diqqat bilan kuzatib borishi va bunday harakatlarning oldini olishlari kerak», — deyiladi qarorda.

Uzoq vaqt davomida yog‘och Afg‘onistonning asosiy energiya manbalaridan biri bo‘lgan, lekin o‘rmonlarning nazoratsiz kesilishi iqlim o‘zgarishi bilan birga daraxtlar sonining sezilarli kamayishiga va natijada atrof-muhitning ifloslanishiga olib keldi, deb yozadi TASS. Xalqaro ekspertlarning fikricha, 1990 yildan 2005 yilgacha Afg‘onistondagi o‘rmonli hududlarning umumiy maydoni uchdan bir qismga qisqargan. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda Afg‘onistonda umumiy o‘rmon maydoni 1,35 mln gektarni yoki mamlakat hududining 2,1 foizini tashkil qilgan. Avvalgi hukumat 2025 yilga kelib o‘rmonlar maydonini 1,9 mln gektarga yetkazishni rejalashtirgandi. — TASS.

Shuningdek:

  • Afg‘onistonning Qandahor shahridagi shia masjidida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 62 kishi halok bo‘ldi. Bundan tashqari, kamida 68 kishi jarohatlangan. Qayd etilishicha, portlash juma namozi paytida sodir bo‘lgan. «Tolibon»ning madaniyat bo‘yicha komissiyasi a’zosi Muhammad Jalolning aytishicha, portlash «Xurosondagi Islomiy davlat» terrorchilar guruhi tomonidan uyushtirilgan va amalga oshirilgan. Bir hafta oldin Afg‘onistonning Qunduz shahridagi shia masjidida ham juma namozi paytida portlash sodir bo‘lgandi, unda o‘nlab odamlar terakt qurboniga aylangandi. — TASS.
  • «Tolibon» mamlakatda Oliy sud tashkil etilganini e’lon qildi. Xabarga ko‘ra, mavlaviy Abdul Hakim Haqqoniy bosh sudya etib tayinlangan, mavlaviy Muhammad Qosim Turkman esa uning birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. — TASS.

Italiyada ishchilarga majburiy COVID-sertifikatlari joriy etildi

Italiyada davlat va xususiy sektor xodimlari uchun majburiy COVID-sertifikatlari joriy etildi. Avvalroq, koronavirusga qarshi emlanish, kasallikni boshdan kechirgani yoki PSR-tekshiruvining manfiy natijasi to‘g‘risidagi hujjat faqat ta’lim muassasalari xodimlari va universitet talabalari uchun majburiy bo‘lgandi. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari uchun emlanish majburiy bo‘lgan.

Ish joyiga mazkur sertifikatsiz qo‘ygan ish beruvchi, shuningdek xodimning o‘zi ham 600 dan 1500 yevrogacha jarimaga tortilishi ko‘zda tutilgan. — Corriere della Sera.

Interfaksning yozishicha, juma kuni Italiya portlarida majburiy sertifikatlarga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, 300 ga yaqin kishi Italiyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Genuya portiga kirishni to‘sib qo‘yishdi, mamlakat shimoli-sharqidagi Triyest portida ham yuzlab odamlar norozilik namoyishiga chiqishdi. Triyestdagi namoyishchilar ish tashlashni davom ettirishini ma’lum qildilar.


MDH doirasida Oliy sudlar raislari kengashi tuziladi

MDH tarkibida oliy (yuqori) sudlar raislari kengashi tuziladi. Bu juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunida Davlat rahbarlari kengashi tomonidan tasdiqlangan kelishuvda ko‘zda tutilgan.

Hujjatda kengash vakolatiga «MDH doirasida qabul qilingan huquqiy hamkorlik sohasidagi xalqaro shartnomalar va boshqa hujjatlarni bajarishga ko‘maklashish, hamdo‘stlik mamlakatlari adliya organlarining huquqiy yordam ko‘rsatishda o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish, sud hujjatlarini ijro etilishini e’tirof etish va ruxsat berish, sudyalar va sud xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish» taklif qilingan, deb belgilangan.

Oliy sudlar rahbarlari kengashining asosiy vazifalaridan biri milliy qonunchilik va sud amaliyoti, shuningdek, milliy sudlar tomonidan huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida MDH doirasida tuzilgan xalqaro shartnomalarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida ma’lumot almashish bo‘ladi. — MDH veb-sahifasi.

Shuningdek:

  • MDH davlatlari rahbarlari hamdo‘stlikning dunyodagi mavqeini mustahkamlash bo‘yicha umumiy kelishuvga erishdilar. «Biz Hamdo‘stlik salohiyatini yanada amalga oshirish, xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash va uning yanada dinamik rivojlanishini ta’minlashni umumiy vazifamiz deb bilamiz», — deyiladi MDH davlat rahbarlarining bayonotida. Hujjatda ta’kidlanishicha, tashkilot davlatlari rahbarlari savdo-iqtisodiy o‘zaro hamkorlikni MDH davlatlarining iqtisodiy integratsiyasini yanada chuqurlashtirish va barqaror rivojlanishining asosiy omili deb bilishadi. Shu munosabat bilan hamdo‘stlik davlatlari rahbarlari samarali iqtisodiy hamkorlik, erkin savdo zonasining to‘laqonli ishlashi va manfaatdor davlatlarning chuqur iqtisodiy integratsiyaga o‘tishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish istagini bildirishdi.

LinkedIn ijtimoiy tarmog‘i Xitoydagi faoliyatini to‘xtatadi

Ish qidirish va biznes aloqalari uchun mo‘ljallangan LinkedIn ijtimoiy tarmog‘i Pekin internetni tartibga solish qoidalarini kuchaytirgani sababli bu yil Xitoydagi faoliyatini to‘xtatadi. «Biz xitoylik foydalanuvchilarga iqtisodiyotda ish va imkoniyatlar topishda yordam berishda muvaffaqiyat qozongan bo‘lsak-da, biz ma’lumot almashish va qabul qilishning ijtimoiy jihatlarida bir xil muvaffaqiyatga erisha olmadik. Shuningdek, biz Xitoyda ancha murakkab ish muhiti va qat’iy tartibga solish talablariga duch keldik», deyiladi LinkedIn bayonotida.

LinkedInga egalik qiluvchi Microsoft Xitoy uchun maxsus ishlab chiqilgan, platformaning mahalliylashtirilgan versiyasini — InJobs ilovasi taqdim etdi. Ilovada ish qidirish va tarmoqqa ulanish imkoniyatlari bir xil bo‘ladi, lekin u «boshqa ijtimoiy tarmoqlar kabi tasma va nashrlar va maqolalar bilan bo‘lishish imkoniyatiga» ega bo‘lmaydi.

Avvalroq, Qozog‘iston Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi LinkedIn tomonidan aloqa to‘g‘risidagi qonun talablari buzilgani sababli uni bloklashga qaror qilgandi.