Beyrutda norozilik namoyishlari paytida otishma sodir bo‘lgan. 6 kishi halok bo‘ldi.

G‘arbiy Beyrutning Al-Tayyuni va Badaro tumanlarida shia partiyalari namoyishlari paytida otishma boshlandi. «Amal» va «Hizbulloh» harakatlari bilan muxolifatdagi «Livan kuchlari» to‘qnashdi. Otishma oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, 60 ga yaqin kishi yaralandi. TASS muxbiriga ko‘ra, tartibsizliklarga binolardan biridan snayperning o‘q uzgani sabab bo‘ldi.

Xabarga ko‘ra, vaziyatga Livan armiyasi harbiylari aralashdi. Ular qurollangan har kimga qarata o‘t ochishi haqida ogohlantirishdi. Armiya, shuningdek, Beyrut ko‘chalariga zirhli mashinalarni joylashtirib, odamlarni xavfli hududlarni tark etishga chaqirdi. Bundan tashqari, harbiylar qurolli odamlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan yaqin atrofdagi binolarni tintuv qilishmoqda va atrofdagi uylarning tomlarini tekshirmoqdalar. Livan bosh vaziri Najib Mikati fuqarolarni xotirjam bo‘lishga va «mamlakat fuqarolik nizolariga tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka» chaqirdi. «Hizbulloh» va «Amal» ham o‘z tarafdorlarini tinchlanishga chaqirdi. Ular, shuningdek, armiyadan namoyishchilarga qarata o‘q uzgan snayperni to‘xtatishni so‘rashdi. Hozirda, Livan prezidenti Mishel Aun bosh vazir bilan Oliy mudofaa kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Shia partiyalari 2020 yil 4 avgustdagi port portlashlari bo‘yicha tergov komissiyasini boshqaruvchi sudya Tarek Bitarning ishdan olinishini talab qilmoqdalar. Bitar deputatlik daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan sobiq vazirlarni so‘roq qilishni rejalashtirgandi, keyin hattoki jinoiy beparvolik ayblovi bilan ularni hibsga olishga order bergan. Shia harakatlari Beyrutdagi portlash fitna natijasida qasddan qilingan deb hisoblaydilar. — TASS.


Yonas Gar Styore Norvegiyaning yangi bosh vaziri bo‘ladi

Parlament saylovlarida g‘alaba qozongan Norvegiya Mehnat partiyasi rahbari Yonas Gar Styore mamlakat bosh vaziri lavozimini egalladi, deyiladi hukumat portalida. Bu boradagi nizom 12:00 dan (Toshkent vaqti bilan 15:00) kuchga kirdi. Bundan tashqari, hukumat a’zolari ham tasdiqlandi.

13 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida muxolifatdagi Mehnat partiyasi boshchiligidagi markaziy-chap blok g‘olib bo‘ldi. Undan oldin qirollikni 2013 yildan buyon Erna Sulberg boshchiligidagi konservativ «Xyoyre» partiyasi, o‘ng qanot bloki boshqargandi.

Shuningdek:

  • Norvegiya janubidagi Kongsberg shahrida erkak kishi ko‘chadagi odamlarga kamondan o‘q uzdi. Buning natijasida 5 kishi halok bo‘ldi, 2 kishi yaralandi. Jinoyatchi hibsga olindi. Politsiya hodisani terakt deb atadi. — VG.

Chili muxolifati «Pandora Papers» tufayli prezident impichmenti jarayonini boshladi

Chili muxolifati «Pandora Papers«dan olingan ma’lumotlar asosida korrupsiyada gumon qilinayotgan Chili prezidenti Sebastyan Pinera impichmenti haqidagi so‘rovni parlamentga taqdim etdi. «Bu konstitutsiyaviy ayblovning ikkita sababi bor, birinchidan, respublika prezidenti odob-axloq tamoyilini ochiqchasiga buzdi. Ikkinchidan, u millat nomusiga jiddiy putur yetkazdi», — dedi deputat Xaime Naranxo. Pinera impichmenti to‘g‘risidagi hujjatni turli muxolif partiyalardan 16 nafar deputat imzoladi.

Chili qonunlariga ko‘ra, impichmentni birinchi navbatda besh kishidan iborat parlament komissiyasi muhokama qiladi. Agar u konstitutsiyaviy ayblovni qo‘zg‘atishga qaror qilsa, u deputatlar palatasi oldiga qo‘yiladi. Agar impichment taklifi quyi palata a’zolarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, u ham Senatda ovozga qo‘yiladi. U yerda, davlat rahbarining iste’fosi uchun, konstitutsiyaviy ayblov qonun chiqaruvchilarning uchdan ikki qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak bo‘ladi.

Deputatlar palatasida ovoz berish 21 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlaridan oldin o‘tkazilishi kutilmoqda. Pinera ularda qatnashmaydi. — TASS.


Moldova gaz tanqisligi sababli energetika sohasida «ogohlik rejimi»ni e’lon qildi

Moldova hukumati gaz tanqisligi sababli energetika sohasida yuqori darajadagi ogohlikni e’lon qildi, dedi mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari, infratuzilma va hududiy rivojlanish vaziri Andrey Spinu. «Bu favqulodda holat emas. Biz energetika sohasidagi korxonalar mumkin bo‘lgan og‘ir ssenariylarga tayyorlanishi va jiddiy yondashuvi uchun energetika sohasida ogohlik holatini e’lon qildik. Bu sovuq davrda davlat muassasalari energiya manbalari bilan ta’minlash va fuqarolarni himoya qilish choralarini ko‘rishlari uchun ham zarur», — dedi Spinu.

U gazni tejash choralari ko‘rilayotganini ta’kidladi. Xususan, energetika majmuasidagi qator korxonalar, jumladan, issiqlik elektr stansiyalari qisman mazut yoki ko‘mirga o‘tdi. — Interfaks.

Bundan avval, «Moldovagaz» OAJ mamlakatdagi iste’molchilarni iste’mol qilinadigan gaz miqdorini kamaytirishga, shu jumladan, iloji bo‘lsa, muqobil yoqilg‘iga o‘tishga chaqirgandi.