Koreya Respublikasi hukumati 2021 yilda O‘zbekistonda COVID-19 bilan kurashish bo‘yicha kompleks dasturni amalga oshirish uchun 5 mln dollar ajratdi, ushbu mablag‘dan 4,57 mln dollari sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltiriladi. Bu haqda «Gazeta.uz» Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan amalga oshiriladigan dasturning ochilish marosimi 12 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. U Koreya Respublikasi TIVining «Koreyaning Taraqqiyot uchun rasmiy yordami: Ishonchli munosabatlarni qurish» («ODA KOREA: Building TRUST») dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Tadbirda sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Abdulla Azizov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov, Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirining ko‘ptomonlama munosabatlar va global masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Xam Sang Uk, Koreya Respublikasi elchisi Kan Chje Kvon, KOICA`ning O‘zbekistondagi ofisi direktori Pak Sunjin, Koryo universiteti professori Choy Je Vuk va boshqalar ishtirok etishdi.

Kompleks dastur doirasida KOICA Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan yuqumli kasalliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurash bo‘yicha KOICA dasturini (1,6 mln dollar) hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan yuqumli kasalliklarni tadqiq qilish salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha dasturni (300 ming dollar) amalga oshirish bo‘yicha memorandumlarni imzoladi.

Joriy yilgi dasturlar yuqumlik kasalliklarni profilaktika va nazorat qilishni boshqarish sohasida salohiyatni mustahkamlash, yuqumlik kasalliklar diagnostikasi bilan shug‘ullanadigan laboratoriyalar uchun sifat nazorati tizimini yaratish, yuqumli kasalliklar va vaksinatsiyani monitoring qilish milliy tizimini yaratish, koronavirus bilan bog‘liq tadqiqotlar salohiyatini mustahkamlash, shuningdek tibbiy muassasalarga uskunalarni taqdim etish orqali davolash salohiyatini mustahkamlash va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

Tadbir davomida KOICA Sog‘liqni saqlash vazirligiga 35 ta tumanlararo tez yordam markazlariga o‘rnatish uchun 2,32 mln dollarlik 87 ta kislorod generatorlarini topshirdi.