Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda soylardan birining ustiga yog‘ochdan ko‘prik o‘rnatib, odamlardan pul ishlayotgan fuqaro to‘g‘risida videolavhalar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Buloqboshi tumani hokimligi matbuot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, iyul oyidagi tabiiy ofat sabab Aravonsoy ko‘prigi avariya holatiga kelgan va ko‘prikdan o‘tish to‘xtatilgan. Hozirda qurilish va ta’mirlash ishlari boshlangan.

10 oktabr kuni soat 7:00 larda Bozorboshi MFY Chilonzor ko‘chasida yashovchi, mukaddam sudlangan fuqaro X.N.Ismanov (1986 y.t.) soyga 2 ta yog‘ochdan iborat ko‘prik yasab, odamlarni 1000 so‘m evaziga o‘tkazib qo‘yishni yo‘lga qo‘ygan.

Ushbu holat Buloqboshi tumani sudida ko‘rib chiqilgan. Fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik) va 200-moddalari (O‘zboshimchalik) bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 7 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.