Aleksandr Shallenberg Avstriyaning yangi kansleri bo‘ldi

Avstriya sobiq tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenberg dushanba kuni federal kansler — Avstriya hukumati rahbari sifatida qasamyod keltirdi. Marosimda Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellen qatnashgan, deb yozadi Interfaks.

TASSning yozishicha, Shallenberg 1969 yil 20 iyunda Bernda (Shveysariya) avstriyalik diplomat Volfgang Shallenberg oilasida tug‘ilgan. U Hindiston, Ispaniya va Fransiyada voyaga yetgan — u yerda otasining xizmat safarlari bo‘lib o‘tgan. Ma’lumoti bo‘yicha advokat, Vena va Parij universitetlarida o‘qigan. 1997 yildan buyon Avstriya TIVda ishlab kelmoqda.

Avvalroq, Avstriya sobiq kansleri Sebastyan Kurs korrupsiyaga qarshi tergovda ayblanuvchi ekani ma’lum bo‘lgach, iste’foga chiqish qarorini e’lon qilgan edi. Kursning aytishicha, u noqonuniy hech narsa qilmagan. Shu bilan birga, siyosatchi Avstriya xalq partiyasi (AXP) yetakchisi bo‘lib qoladi va Milliy Kengashdagi (parlament quyi palatasi) o‘z fraksiyasini boshqaradi. Avstriyada hokimiyatdagi koalitsiyaga Kursning AXP va «Yashillar» partiyalari kiradi. Aynan «Yashillar» juma kuni AXPdan Avstriyada tergov qilinayotgan korrupsiya ishiga aloqador bo‘lmagan shaxsni kansler lavozimiga tayinlashni talab qildi, deya ma’lum qildi Interfaks.


Aviahalokatlar

Rossiya:

Foto: Rossiya FVV/TASS

10 oktabr kuni Tataristonning DOSAAF uchish klubining L-410 samolyoti respublikaning Menzelinsk tumani yaqinida qulab tushdi. Hammasi bo‘lib, bortda 20 parashyutchi va ikkita ekipaj a’zosi bo‘lgan. 16 kishi halok bo‘ldi.

Tirik qolgan olti kishining ahvoli og‘ir, deb xabar berdi Interfaks respublika sog‘liqni saqlash vaziri Marat Sodiqovga tayanib. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularda oyoq-qo‘llar, qovurg‘alar, o‘mrov suyaklari, umurtqa pog‘onalarining sinishi holatlari qayd etilgan. Sodiqovning fikricha, ular samolyotning orqa qismida o‘tirgani tufayli omon qolgan.

Tatariston hukumati jabrlanganlarga olingan jarohatlarning og‘irligiga qarab 100 mingdan 400 ming rublgacha kompensatsiya to‘lashga qaror qildi. Qurbonlarning oilalariga har biriga bir mln rubldan beriladi.

Boliviya:

Foto: The Rio Times

Boliviyaning Pando departamentida Cessna C-206 samolyotining qulashi oqibatida olti kishi halok bo‘ldi. Halokat 10 oktabr ertalab soat 8:50larda sodir bo‘ldi. Bu haqda mamlakat prezidenti Luis Arse o‘zining Twitter’dagi sahifasida yozdi.

Unitel’ning xabar berishicha, bortda ikkita harbiy xizmatchi va Sog‘liqni saqlash vazirligining to‘rt xodimi bo‘lgan. Halokat sabablari maxsus komissiya tomonidan o‘rganilmoqda.


Kim Chen In rasmiylarni KXDR aholisining yashash sharoitlarini yaxshilashga chaqirdi

KXDR hukumati fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilashni ustuvor vazifalaridan biriga aylantirishi kerak. Bu haqda mamlakat rahbari Kim Chen In hukmron Koreya ishchilar partiyasi (KIP) tashkil etilganining 76 yilligiga bag‘ishlangan nutqida aytdi, deb xabar berdi TASS.

Odamlar mamlakatda sotsialistik qurilishni aniqlaydi, degan Kim Chen In barcha darajadagi rahbarlarni «ularga Xudoga kabi xizmat qilishga» chaqirdi. U, shuningdek, partiya amaldorlari «ularning harakatlari odamlarning manfaatlarini buzadimi yoki yo‘q, ularga noqulaylik tug‘diradimi yoki yo‘q — shuni har doim inobatga olish kerakligini» eslatdi. KXDR rahbari partiya yanvardagi qurultoyda belgilangan milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning besh yillik rejasini samarali targ‘ib etishga qat’iy qaror qilganini ta’kidlab, fuqarolarni oziq-ovqat va uy-joy bilan ta’minlash muammolarini tezkorlik bilan hal qilishga chaqirdi. Bundan tashqari, u o‘z nutqida so‘nggi o‘n yil ichida partiya qurilishining asosiy bosqichlari haqida gapirdi.

Ta’kidlanishicha, 2011 yildan buyon Kim Chen In ilk bor KIP tashkil topilgan kuni munosabati bilan ma’ruza qildi. Tadbir harbiy parad va boshqa kuch namoyishisiz bo‘lib o‘tdi.


Butun Livan bir kun davomida elektr ta’minotidan uzildi

Livanda ikkita yirik elektr stansiyasi — «Al-Zahrani» va «Deyr Ammar» faoliyatlari to‘xtatilgani sababli, butun mamlakat deyarli 24 soatga elektr ta’minotidan uzildi, deb xabar berdi BBC. Ma’lum bo‘lishicha, uzilish bir necha kunga cho‘zilishi mumkin edi. Mamlakat energetika va suv resurslari vaziri Valid Fayyadning aytishicha, Livan Markaziy banki elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i sotib olish maqsadida 100 mln dollar kredit ajratgan.

O‘tgan bir yarim yil ichida mamlakat iqtisodiy inqiroz va yoqilg‘i taqchilligiga duch keldi. Bu aholi turmush darajasining pasayishiga, valyutaning qulashiga va hukumatga qarshi namoyishlarga olib keldi. Yoqilg‘i taqchilligiga valyutaning yetishmasligi sabab bo‘lgan, deb ta’kidladi nashr.

BBC’ning yozishicha, Livanda elektr ta’minotidagi uzilishlar muammolar oldin ham bo‘lgan. Ko‘pincha aholi kuniga atigi ikki soat elektr energiyasiga ulana olardi. Biroq hali bunday yirik uzilishlar kuzatilmagandi.

Shuningdek:

  • Dushanba kuni Livanning Zahroniy hududidagi neft majmuasida kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Hozirda yong‘in bartaraf etildi, deb yozmoqda AP. Mamlakat energetika va suv resurslari vazirining aytishicha, yong‘in benzinning bir rezervuardan ikkinchisiga quyilishi paytida boshlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uch soatdan ko‘proq davom etgan yong‘in paytida deyarli 250 ming litr benzin yonib ketgan. Qayd etishicha, voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Shuningdek:

  • Iqtisodiyot bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti amerikalik iqtisodchilarga topshirildi. Devid Kard «mehnat iqtisodiyotini o‘rganishga», Joshua Engrist va Guido Imbens «sabab-oqibat munosabatlarini tahlil qilishga» hissa qo‘shganliklari uchun e’tirof etildi.