Yanvar-sentabr oylarida avtoraqam.uzex.uz saytida onlayn-auksionlar orqali 221,1 mlrd so‘mlik 105,6 mingdan ziyod «chiroyli» avtoraqamlar sotilgan. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi xabar berdi.

Bunda, avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 1,7 barobarga, qiymati bo‘yicha — 28,3%ga o‘sgan. Sotilgan avtoraqamning eng past bahosi — 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 441,5 mln so‘mni tashkil qilgan. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,1 mln so‘mga teng bo‘lgan.

Bundan tashqari, birja tovarlar savdosi bo‘yicha boshqa ma’lumotlarni ham taqdim etdi.

Xabarga ko‘ra, joriy yilning 9 oylik yakunlariga ko‘ra respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 61,5% ga o‘sib, 61 trln 513,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020 yilning shu davriga nisbatan 56,8% oshib, 22 trln 844,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Tadbirkorlar birja orqali 14 trln 682,9 mlrd so‘mlik tovar resurslarini xarid qilib, 8 trln 161,4 mlrd so‘mlik mahsulot sotishgan.

Birja orqali 64,5 mln AQSh dollarlik mahsulotlar eksport qilingan.

Shuningdek, birja savdolari orqali 53 trln 182 mlrd so‘mlik tovarlar sotilib, o‘sish 59,9% ni tashkil etgan. Sotuvchi korxonalar birja savdolari davomida real bozor narxlarining shakllanishi evaziga 4 trln 892,5 mlrd so‘mlik qo‘shimcha daromad olishgan va bu 2020 yilning yanvar-sentabr oylariga nisbatan 2,1 barobarga ko‘p.

«Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida elektron davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2,4 barobarga oshib, 6 trln 755,7 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. Bunda budjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi 1,9 marotabaga o‘sib, 1 trln 152,9 mlrd so‘mni tashkil qildi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, elektron tijoratning V2 V modelini aks etuvchi ko‘rgazma-yarmarka savdolarining hajmi joriy yil 9 oylik davrda 1 trln 353,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning 10 oyi davomida avtoraqamlarni sotib olish 2,6 barobarga ko‘payib, avtoraqam.uzex.uz onlayn-auksioni orqali jami 218,8 mlrd so‘m qiymatda 80,5 mingdan ziyod «chiroyli» raqamlar xarid qilingan edi.

«Gazeta.uz» 2021 yilning ilk uch oyida o‘zbekistonliklar «chiroyli» avtoraqamlar sotib olish uchun 62 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflashgani haqida yozgan edi.