8 oktabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Aurelia Bushezni qabul qildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Vazir elchini mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi. Elchining kasbiy tajribasi O‘zbekiston va Fransiya munosabatlarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishiga umid bildirildi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqishdi. Siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi almashinuvlarni jadallashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Aurelia Bushez ilgari Fransiyaning Ozarbayjon elchisi va Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi delegatsiyasi rahbari sifatida ishlagan.

Fransiyaning O‘zbekistondagi oldingi elchisi (2019−2021 yillarda) Izabelle Servoz-Galluchchi bo‘lgan.