Kecha, 5 oktabr kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) umumiy qiymati 19 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan yangi besh yillik loyihasining boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda USAID axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, USAIDning Markaziy Osiyoda Savdo dasturi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda amalga oshiriladi. Yangi loyiha USAIDning yillar mobaynida mintaqaviy savdo, korxonalarni rivojlantirish va mintaqaviy aloqalarni yaxshilashda erishilgan yutuqlariga asoslangan.

USAIDning Markaziy Osiyoda Savdo dasturi uchta asosiy strategik maqsadga erishish uchun davlat va xususiy sektorga texnik yordam ko‘rsatishi nazarda tutilgan. Unga ko‘ra:

  • birinchidan, dasturning faoliyati moliyaviy va vaqt xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, mintaqada iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida bojxona va chegara nazorati tartibini uyg‘unlashtirishga yo‘naltiriladi;
  • ikkinchidan, dastur rivojlanishni rag‘batlantiruvchi va investitsiyalar oqimini ta’minlaydigan islohotlarni amalga oshirish uchun davlat va xususiy sektor orasidagi sheriklikni kuchaytiradi;
  • uchinchidan, manfaatdor tomonlar bilan Markaziy Osiyo mintaqasida ham, undan tashqarida ham transchegaraviy savdo hajmini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.