Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 5 ta davlat dasturi (2017−2021) qabul qilinib, 114 trln so‘m va salkam 31 mlrd AQSh dollari yo‘naltirilganini ma’lum qildi.

Bu haqda u ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan «O‘zbekiston: besh yil ichidagi jadal islohotlar» xalqaro anjumanida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Vazir shuningdek, so‘nggi 5 yilda qancha qonun, prezident qaror va farmonlari hamda hukumat qabul qilinganini ham ma’lum qildi.

«O‘tgan davrda Harakatlar strategiyasini ro‘yobga chiqarish uchun 311 ta qonun, 2000 ga yaqin O‘zbekiston prezidentining farmon va qarorlari hamda 3000 dan ziyod Hukumat qarorlari qabul qilindi», — dedi Ruslanbek Davletov.

Hisobot davrida davlat organlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan 3 ta muhim qonun qabul qilingani ta’kidlandi.

Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi hamda davlat xizmatlari markazlari va ularning 115 ta filiallari tashkil etilib, ular orqali bir yilda o‘rtacha 12 mln xizmat ko‘rsatilmoqda. Davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish maqsadida — Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Elektron hukumat tizimini takomillashtirish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va ushbu sohada uzoq muddatga mo‘ljallangan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasi qabul qilindi.

Davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan va samarasiz deb topilgan 110 ta idoralararo kollegial organlarning faoliyati tugatildi.

O‘tgan davr mobaynida «Ochiq budjet» portali ishga tushirildi va u orqali hozirga qadar 12 mingdan ortiq ma’lumotlar ochiqlangan.

Anjumanda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimi («E-qaror») joriy qilingani ham qayd etildi.