AQShda defolt yuzaga kelsa, dollarning jahon valyutasi maqomi tahdid ostida bo‘ladi — Bayden

Agar mamlakat Kongressi davlat qarzining chegarasini oshirishga rozi bo‘lmasa, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan defolt dollarning jahon zaxira valyutasi maqomini tahdid ostiga soladi, deya ta’kidladi AQSh prezidenti Jo Bayden.

«Davlat qarzining chegarasini ko‘tarmaslik, Kongress yangi majburiyatlarni emas, balki o‘zimiz qabul qilgan majburiyatlarni bajarishga tayyorligini shubha ostiga qo‘yadi. Bu Moliya vazirligi qimmatli qog‘ozlarining ishonchliligiga putur yetkazadi, shuningdek, dollarning jahon zaxira valyutasi maqomiga tahdid soladi», — dedi Amerika rahbari. Bayden respublikachi «siyosiy raqiblarini» Kongressning milliy qarz chegarasini oshirishga qarshi chiqishni to‘xtatishga chaqirib, «Amerikaning kredit reytingi pasayadi, kredit stavkalari ko‘tariladi», — deya qo‘shimcha qildi.

«Respublikachilar nafaqat o‘z ishini bajarishdan bosh tortishmoqda, balki ular o‘z vakolatlaridan foydalanib, iqtisodiyotni falokatdan saqlaydigan ishimizni bajarishga to‘sqinlik qilish bilan tahdid qilishmoqda. Agar siz mamlakatni qutqarishga yordam berishni xohlamasangiz, uni vayron qilmaslik uchun yo‘limizdan keting, — deya murojaat qildi Bayden respublikachilarga.

AQSh rahbari, shuningdek, respublikachilarning xatti-harakatlarini «beparvo va xavfli» deb atadi. «Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z hisoblarini to‘laydigan mamlakat. Har doim shunday bo‘lgan. Boshidanoq biz hech qachon to‘lov majburiyatlarini bajarmarmaslikka yo‘l qo‘ymadik. Davlat qarzining chegarasini oshirish odatda ikki partiyaning harakatidir. Va shunday bo‘lishi kerak. Bugun bu o‘z tasdig‘ini topa olmayapti. Davlat qarzining chegarasini oshirishimiz kerak bo‘lgan sabab, qisman soliq siyosati va oldingi Tramp ma’muriyat xarajatlari bilan bog‘liqdir, — deydi Bayden. — Oq uy veb-sahifasi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning oxiriga kelib, AQShning federal qarzi 26,95 trln dollarni yoki YAIMning deyarli 130 foizini tashkil qildi.


«Tolibon» Afg‘onistondan 100 dan ortiq musiqachini chiqarib yubordi

Afg‘oniston milliy musiqa instituti bilan bog‘liq 100 dan ortiq afg‘on Kobulni tark etishdi, Portugaliya hukumati ularga boshpana berishga rozi bo‘ldi, dedi institut direktori Ahmad Sarmast. 101 kishidan iborat guruhda yarmi talabalar, biroq aksariyati Zohra ayollar orkestri a’zolari, shuningdek bitiruvchilar, o‘qituvchilar va ba’zi musiqachilarning qarindoshlaridir. Ta’kidlanishicha, bu butun institut jamoasining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Ular yakshanba kuni Qatarga uchib ketishdi. Samolyot bortida yana 134 nafar afg‘on bo‘lgan.

Musiqa institutining asoschisi va rahbari Ahmad Sarmast hozirda Melburnda, lekin o‘z talabalari uchun Portugaliyada o‘qishni qayta tashkil qilishni rejalashtirmoqda. AR’ning ta’kidlashicha, Afg‘onistonni o‘n minglab fuqarolar, jumladan sportchilar va san’atkorlar tark etgan. Avvalroq, Afghan Dreamers bir guruh ayol robototexnikachilari Meksikaga, ayollar futbol jamoasi esa Portugaliyaga ko‘chib ketishgandi.

Shuningdek:

  • Afg‘onistonda seshanba kuni mamlakat pasporti va shaxsiy guvohnomalarining berilishi qayta tiklandi. IIV vakili Said Xostining aytishicha, hozircha hujjatlarda mamlakatning sobiq nomi, ya’ni Afg‘oniston Islom Respublikasi ko‘rsatiladi. Biroq toliblar rasmiy hujjatlarda «Afg‘oniston Islom Amirligi»dan foydalanayaptilar. «Bizda millionga yaqin hujjat tayyor. Hozir Kobulda 25 ming odamga shaxsiy guvohnoma beriladi, keyinroq ushbu jarayon hududlarda qayta tiklanadi», — deydi Afg‘oniston IIV huzuridagi pasport berish bosh boshqarmasi boshlig‘i Alam Gul Haqqoniy. «Agar avvalgi rahbariyat kuniga 3 mingdan ortiq pasport bergan bo‘lsa, biz 6 mingta beramiz», deya qo‘shimcha qildi u.
  • Afg‘oniston muvaqqat hukumati «Tolibon»ning 34 nafar vakilini davlat lavozimlari, jumladan, bir vazir lavozimiga tayinladi. Hujjatga ko‘ra, tasdiqlangan har bir lavozimga faqat diniy unvonga ega bo‘lgan harakat vakili tayinlangan: to‘rt nafar qori, 16 nafar mulla va 14 nafar mavlaviy. Ta’kidlanishicha, yangi tayinlangan 34 nafar amaldorning deyarli hammasi pushtunlar, ya’ni Afg‘onistondagi eng katta etnik guruh vakillaridir. Shunday qilib, mulla Abdul Majid Oxund shahidlar va nogironlar vaziri lavozimini egalladi va shu tariqa sentabr oyida tuzilgan muvaqqat hukumatning 23-a’zosi bo‘ldi. Mavlavi Abdul Kabir bosh vazirning siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Mavlaviy Mati ul-Haqq Afg‘oniston Qizil yarim oy jamiyatiga rahbarlik qiladi.
  • Afg‘onistonning energetika kompaniyasi O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan 51 mln dollar qarzdor ekanligi ma’lum bo‘ldi. Kompaniya vakillari BMTning Afg‘onistondagi yordam dasturidan qarzni to‘lash uchun 90 mln dollar mablag‘ so‘rab murojaat qilishgan.

Dunyo aviakompaniyalari 2050 yilga kelib CO2 chiqindilarini nolga yetkazish majburiyatini olishdi

Tegishli rezolyutsiya Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) a’zolari tomonidan ma’qullandi. Tashkilot jahon aviaparvozlarining 82 foizini ta’minlaydigan 290 ta kompaniyadan iborat. Rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarga, avvalo, hozirda yetarli darajada ishlab chiqarilmaydigan ekologik toza samolyot yoqilg‘isidan (SAF) keng foydalanish kiradi. Bundan tashqari, yangi texnologiyalar, infratuzilma samaradorligini yaxshilash va sanoatda elektr va vodorod dvigatellaridan foydalanishga o‘tish ko‘zda tutilgan.

IATA bosh direktori Villi Uolshning ta’kidlashicha, dunyodagi ikkita yirik samolyot ishlab chiqaruvchi — Boeing va Airbus chiqindilarni kamaytirish uchun yangi texnologiyalarni ishlab chiqish uchun yetarlicha harakat qilishmayapti. Xitoy aviakompaniyalari ushbu rejani 2060 yilga qoldirishni ma’qul ko‘rdilar, deb yozadi FT. Biroq Uolshning so‘zlariga ko‘ra, yevropalik aviatashuvchilar bosim va bu maqsadga erishish uchun vaqt jadvalini tezlashtirish zarurligini sezishmoqda. — Financial Times.


Ruminiya parlamenti Florin Kitsu hukumatiga ishonchsizlik votumini bildirdi

Ruminiya parlamenti Milliy-liberal partiyasi vakili Florin Kitsu boshchiligidagi hukumatga ishonchsizlik votumi bildirilishini qo‘llab-quvvatladi. Sotsial-demokratik partiyasi tomonidan kiritilgan taklifni 281 deputat qo‘llab-quvvatladi (kerakli miqdor 234 ta ovoz). Endi amaldagi hukumat tarqatiladi va Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis yaqin orada parlamentda vakillik qilayotgan partiyalar yig‘ilishini chaqirib, yangi bosh vazirni tayinlash bo‘yicha maslahatlashadi. — TASS.


Facebook’dagi uzilishlarga konfiguratsiyaning noto‘g‘ri o‘zgarishi sabab bo‘lgan

Konfiguratsiyaning noto‘g‘ri o‘zgarishi Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari va WhatsApp messenjerining faolitida ko‘p soatlik uzilishga olib keldi, bu foydalanuvchilar ma’lumotlariga ta’sir etmagan, deb aytilgan Facebook kompaniyasining bayonotida.

Facebook rahbari Mark Sukerberg uzilishlar uchun uzr so‘radi. «Facebook, Instagram, WhatsApp faoliyatlari qayta tiklandi. Bugungi uzilish uchun uzr — siz sevgan insonlaringiz bilan aloqada bo‘lish uchun bizning xizmatlarimizga qanchalik ishonishingizni men bilaman», — deb yozdi u Facebook’dagi sahifasida.

Facebook, Instagram va WhatsApp dushanba kuni uzilishlarga duch kelishdi. Taxminan olti soat davomida bu xizmatlar butun dunyo bo‘ylab mavjud bo‘lmagan. Hozirda ularning faoliyati to‘liq tiklandi.


Shuningdek:

  • AQShning Microsoft korporatsiyasi Windows 11 operatsion tizimining yangi versiyasini chiqardi. Yaqinda sotib olingan «Windows 10"lik kompyuterlar egalari dasturiy ta’minotni «Windows 11»ga bepul yangilashi mumkin.
  • 2021 yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofoti Syukuro Manabe, Klaus Hasselman va Jorjio Pariziga «murakkab fizik tizimlar haqidagi tushunchamizga qo‘shgan hissasi» uchun berildi.