Toshkentda avtobloger Bobur G‘aniyev qo‘lga olindi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 30 sentabr kuni 23:30 lar atrofida «Xavfsiz poytaxt» profilaktika aksiyasi vaqtida Uchtepa tumanidagi «Farhod» bozori yaqinida YHXB inspektorlari Epica avtomobilini to‘xtatadi. Mashinani tarmoqlarda «Bloger Abror» sifatida mashhur bo‘lgan Abror Kozubayev boshqarayotgan, yo‘lovchi o‘rindig‘ida esa avtobloger Bobur G‘aniyev bo‘lgan.

Toshkent IIBBning ma’lum qilishicha, haydovchining hujjatlari tekshirilayotgan vaqtda Bobur G‘aniyev YHXB inspektorlarini haqorat qilgan va janjal ko‘targan.

«U IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, jamoat tartibini buzgan. Shundan so‘ng transport vositasining haydovchisi A.Kozubayev, yo‘lovchilari B.Ganiyev va O.Salimovlar Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan. Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida B.Ganiyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, natijasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun sudga taqdim etiladi.

IIBB ishni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazishga urinish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishini eslatib o‘tdi.

Bu Bobur G‘aniyev va YHXB xodimlari o‘rtasida yuzaga kelgan birinchi mojaro emas. Uning YouTube-kanalida (130 ming obunachisi bor) u va boshqa haydovchilarning YHXB xodimlari bilan Yo‘l harakati qoidalari borasida bahslashgani aks etgan yuzlab videolar mavjud.