O‘zbekistonda koronavirus bo‘yicha epidemiologik holatining yaxshilanishi aholining ma’lum bir qismida ushbu infeksiyaga qarshi immunitet shakllangani bilan bog‘liq. Bu haqda chorshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda COVID-19ga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

So‘nggi 10 kun ichida aniqlangan koronavirus holatlari soni 600 tadan oshmadi, 26−27 sentabr kunlari esa bu raqam 400 dan oshiqroq bo‘ldi.

Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, aholining bir qismi koronavirus bilan kasallanib bo‘ldi, bir qismi esa COVID-19ga qarshi qisman yoki to‘liq emlandi, shuning evaziga ularda immunitet shakllandi.

«Demak, kasallik oxirgi marta avj olganida koronavirus zaif immunitetli aholining bir qismiga yuqqan. Vaziyatlarning yana ko‘payishi vaqt o‘tishi bilan immuniteti pasaygan yoki bo‘lmagan odamlarning [boshqa] qatlami hisobidan sodir bo‘lishi mumkin. Biz aholining 70 foizida jamoaviy immunitetni shakllantirmagunimizcha, vaziyatni barqarorlashtirishimiz qiyin bo‘ladi», — dedi u.

Iyul oyi oxirida «Gazeta.uz» O‘zbekiston hukumati 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini koronavirusga qarshi emlashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. 28 sentabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 20 mlndan ortiq dozada vaksina ishlatilgan. Birinchi dozani 11,19 mln, ikkinchisini — 6,49 mln, uchinchisi — 2,52 mlndan ortiq kishi oldi. 4,37 mlndan ziyod kishi (18 yoshdan oshgan doimiy aholining 20 foizdan ko‘prog‘i) emlashning to‘liq kursini tamomlagan.

28 sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda 12 yoshdan oshgan bolalarni ota-onasi yoki vasiylarining roziligi bilan koronavirusga qarshi Pfizer preparati bilan emlashga ruxsat berilgani haqida xabar qildi.