Vengriyaning OTP Bank banki «Ipoteka-bank» davlat ulushining 75 foizini sotib oladi. Bu haqda 29 sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy forumda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chorshanba kuni sotish to‘g‘risidagi shartnomani imzolash rejalashtirilmoqda.

«Bugun biz „Ipoteka-bank“ davlat ulushining 75 foizini sotish to‘g‘risidagi bitimni imzolaymiz. Ushbu bankni xususiylashtirish tarixidan qisqacha so‘zlab beraman. Birinchidan, biz IFC (Xalqaro moliya korporatsiyasi) bilan ish boshladik, u bizga potensial investorlarni tanishtirdi. Shundan so‘ng Vengriyaning OTP Bank banki O‘zbekistonga keldi. Bugun biz bir hujjatni imzolaymiz va ikki oy ichida kelishuvni yakunlaymiz», — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari boshqa banklarni xususiylashtirish ham xuddi shu shaklda amalga oshiriladi — «transformatsiya — sotuvga tayyorlash — xususiylashtirish».

Jamshid Qo‘chqorov bugungi kunda davlat banklari kuzatuv kengashlarida mustaqil a’zolar borligini eslatib o‘tdi.

«Bu xususiylashtirish uchun ham yaxshi, chunki bizga 10 ta davlat banki kerak emas. Shuning uchun biz «O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirishda «Ipoteka-bank»ni xususiylashtirish tajribasidan foydalanishni rejalashtirmoqdamiz», — dedi u.

14 sentabr kuni O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida «O‘zsanoatqurilishbank"ka 75 mln dollar miqdorida IFC kreditini ajratish to‘g‘risidagi bitimlar paketini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Jamshid Qo‘chqorov Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ham yaqin vaqtlarda 50 mln dollardan ajratishini ma’lum qildi.

Vengriyaning «OTP Bank"i O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi 2020 yilning iyulidayoq ma’lum bo‘lgan edi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyartoning Toshkentga tashrifi chog‘ida so‘z ochilgan edi. Joriy yilning fevralida «OTP Bank» O‘zbekistondagi banklardan birini xususiylashtirish jarayonida qatnashishi xabar qilingan edi.

2019 yilning iyun oyida «Ipoteka-bank»ning ustav kapitalidagi davlat ulushi 2022 yilning yakuniga qadar 50 foizdan kamroq bo‘lishi kutilayotgani ta’kidlangandi. Bank Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida xususiylashtirilishi va transformatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.

OTP Group («Gruppa OTP», BSE: OTP, LSE: OTPD) — moliya, sug‘urta, investitsiya va bank biznesi bilan shug‘ullanuvchi bank guruhi — aktivlar va lizingni boshqarishdan tortib, pensiyalarni moliyalashtirishgacha bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritadi.