Davlat xavfsizlik xizmati boshqa huquqni muhofaza qilish organlari va bojxona xizmati bilan birgalikda Toshkent va bir qator viloyatlarda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi holatlariga chek qo‘ydilar, deb xabar berdi «O‘zbekiston 24» telekanali.

Tezkor tadbirlar davomida DXXning Surxondaryo viloyat boshqarmasi vakillari va chegara qo‘shinlari harbiylari Amudaryo orqali O‘zbekistonga noqonuniy kesib o‘tgan Afg‘oniston fuqarosini qo‘lga olishdi. Shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, undan 9 kg 84 g afyun topildi va protsessual tartibda undan olib qo‘yildi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan chegarada voqea sodir bo‘lganini — qandaydir narkobaron O‘zbekiston hududiga noqonuniy kirishga uringanini aytgandi.

Xuddi shu viloyatning o‘zida, reportajda aytilishicha, tezkor xodimlar 6 kg 80 gramm gashishni 30 ming dollarga sotayotgan uch kishi — Surxondaryoning Uzun tumani va Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashochi fuqarolarni qo‘lga olgan.

Samarqand viloyatida DXX xodimlari viloyat ichki ishlar boshqarmasi va bojxona boshqarmasi vakillari bilan birgalikda Toshkentdan Samarqandga ketayotgan Kia avtomobilini YPX postida to‘xtatishdi. Avtomobil tekshirilganda, ikki samarqandlikka tegishli 5,9 kg opiy aniqlandi va musodara qilindi.

Yana bir holat Toshkent viloyatida qayd etildi. Poytaxtga kiraverishda Jizzaxdan kelayotgan Nexia 3 to‘xtatilganida, Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning 2,8 kg opiy olib ketayotgani aniqlandi.

Toshkentda huquq-tartibot idoralari xodimlari Yakkasaroy hududida yashovchi fuqaroning mashinasidan 80 gramm gashish topdi. U giyohvand moddalarni ilgari sudlangan tanishidan sotib olganini aytdi, keyinchalik uning mashinasida 5,2 kg gashish topilib, musodara qilindi.

Xabarda, shuningdek, Namangan viloyatida Bekobod shahrida yashovchi bir kishi qo‘lga olingani, uning keyinchalik sotish uchun Qo‘qonga 2 kg gashish olib ketayotgani haqida so‘z boradi

Qayd etilishicha, aniqlangan va musodara qilingan giyohvand moddalarning asosiy qismi — 17,8 kg opiy va 13,3 kg gashish — Tojikistondan noqonuniy yo‘l bilan olib o‘tilgan.

Hozirda yuqorida nomlari ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda.