O‘zbekistonning amaldagi prezidenti, O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida prezidentlikka boshqa nomzodlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda O‘zLiDeP axborot xizmati xabar berdi.

«Har kuni raqiblardan ham ko‘p narsa o‘rganishimiz kerak. Nimaga desangiz, faqat Mirziyoyevning fikri yoki faqat bizning partiyaning fikri to‘g‘ri emas. Ulardan ham o‘rganishimiz kerak. Bir xillar chiqib aytyapti, „bu „Temir daftar“ noto‘g‘ri bo‘ldi, „Ayollar daftari“ noto‘g‘ri bo‘ldi“… Hali ular hayotni bilmaydi-ku. Men ularni yomonlamoqchi emasman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, bu uning «peshona teri bilan xalqning dardiga yetkazib boradigan» tizim.

«Agar u daftar bo‘lmaganda koronavirusda kimga berardik yordamni? Agar „Temir daftar“ bo‘lmaganda u bechora oilaga kim borib qarardi?», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda bunday tizim bo‘lmaganini ta’kidladi.

«Yuraverardik „hamma zo‘r, falon foiz“, deb qarsak chalib. Sekin-sekin mana… Sektor degan narsa yo‘q edi-ku. Prokuror pastga tusharmidi, „mana men tuman…“. O‘o‘o‘, g‘o‘ddaygan, qanaqa g‘o‘ddaygan edi prokuror? U bilan gaplashib bo‘larmidi? Mana hozir odam bo‘lib qoldiku, muloyimgina odam ekan hammasi», — deydi u.

«Mikrofon ko‘targan ayol» Telegram-kanalining xabar berishicha, UzReport telekanalida XDPdan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Maqsuda Vorisova «ayollar daftari yaxshi tashabbus bo‘lgani, biroq uni joylarda to‘g‘ri tushunib, ishni to‘g‘ri tashkil qilishganmi, degan savollar ochiq qolganini» aytgan.