Ekologik partiya rahbari va prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov turli xil bahonalar bilan mahalliy hokimliklar tashabbusi asosida daraxtlari kesilishi davom etayotganligini tanqid qildi.

«Daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etilgani, tobora kamyoblashib borayotgan yashillikni asrab-avaylash masalasiga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganiga qaramasdan ko‘r-ko‘rona daraxt kesilishi nega davom etmoqda? Daraxtlarga qiron keltirayotgan kimsalarga kimlar ruxsat bermoqda, kimlar bundan manfaatdor bo‘lyapti?», — deb yozdi u Telegram kanalida.

«Afsuski, bu savollarga jo‘yali javob beradigan, mas’uliyatni zimmasiga oladigan biror idora yoki tashkilot topilmayapti hozircha», — deya ta’kidladi u.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 17 sentabr kuni kechasi ekoinspektorlar salomatlik yo‘lakchasi qurilishi uchun ekskavatorlar yordamida 13 ta daraxt qo‘porilayotganligini aniqlashgan (barcha shahar va tuman markazlarida yurish va velosport uchun «salomatlik yo‘lakchalari»ni qurish O‘zbekiston prezidentining 2020 yil oktabr oyidagi sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori bilan belgilangan edi).

Daraxtlarning kesilishi bo‘yicha so‘nggi holatlardan biri Sirdaryo viloyatidagi Yangiyer shahrida kuzatildi. Kuni kecha Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida salomatlik yo‘lakchasi qurilishi belgilangan hududda 12 dona shumtol va 1 dona tut daraxti qo‘porib tashalanayotgani aniqlangan.

«Nima emish, Sirdaryo tumani hokimining tegishli farmoyishida tuman hududidagi qurib o‘sishdan to‘xtagan daraxtlarni kesib tuman zaxirasiga olinishi ko‘rsatilgan emish. Axir o‘sha tomiri bilan qo‘porib tashlanayotgan daraxtlar bargi yam-yashil ekani ko‘rinib turibdi-ku», — deya noroziligini bildiradi Narzullo Oblomurodov.

«Agar haqiqatdan ham qurigan va kesib tashlashga ehtiyoj bo‘lgan daraxt bo‘lsa, nega ular kunduz kuni, jamoatchilik ko‘z o‘ngida kesilmadi. Aynan yarim kechada daraxt kesish kimga kerak bo‘lib qoldi? — deya so‘radi u. — Bu ishdan bir qing‘irlikning hidi kelib turgani ayon haqiqat emasmi?»


Foto: Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ekopartiya rahbari oldin ham daraxtlar kesilishi yo boshqa joyga ko‘chirilishi bilan bog‘liq holatlarda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yishga chaqirganligini eslatdi. «Yaqin atrofda yashovchilar daraxt kesilishi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilinishi zarur», — deya ta’kidladi u.

«Ko‘p davlatlarda bu amaliyot allaqachon qo‘llanilmoqda. Kesilishi rejalashtirilgan daraxt yaqinida bunday e’lon 30 kun mobaynida osib qo‘yiladi. Unda daraxtning o‘zi haqida ma’lumot beriladi, uning kesilish sabablari va jamoat muhokamasi o‘tkaziladigan vaqt va manzil ko‘rsatiladi. Marhamat, barcha xohlovchilar muhokamada ishtirok etsin. Ana shundagina yarim kechasi daraxt kesishga chiqishga hojat qolmaydi», — dedi Narzullo Oblomurodov.

Shuni ta’kidlash lozimki, bu «salomatlik yo‘laklari»ni qurish uchun daraxtlarning kesilishi bo‘yicha birinchi holat emas. Mamlakatda ko‘cha va yo‘llarni kengaytirish uchun daraxtlarni kesish amaliyoti ham uchraydi.