Ijtimoiy tarmoqlarda «Qotil xomilador kelinmi? Qashqadaryo Chiroqchi. Prokuratura nimani yashiryapti?» nomli videolavha tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 25 iyun kuni Chiroqchi tumani, «Langar» MFY, «To‘laqul» qishlog‘ida yashagan marhum J. A. qo‘shnisi homilador N. J. ga nisbatan kuch ishlatib, uni jinsiy aloqa qilishga undagan.

Yuzaga kelgan holatda o‘z nomusini himoya qilgan ayol yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan J. A.ga bir marotaba zarba bergan. J. A. yetkazilgan tan jarohati natijasida vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.

Tergov davomida marhum J. A.ning o‘limi yuzasidan Chiroqchi tumani prokurori tomonidan «Langar» qishlog‘ida aholi va jabrlanuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. Marhumning yaqinlari tuman prokuraturasida bir necha marotaba qabul qilingan. Ularning jinoyatga N. J.ning akasi va otasining ham aloqasi borligi haqidagi taxminlari dastlabki tergovda tekshirilganda o‘z tasdig‘ini topmagan.

Tergov yakuniga ko‘ra, N. J. ga JKning 97-moddasi 1-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, 7 sentabr kuni jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishi hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudida ko‘rilmoqda.

Avvalroq marhum J.A.ning yaqinlari prokuror bilan uchrashish maqsadida g‘alayon ko‘targani haqida yozgan edik.