Navoiy viloyatining Karmana tumanida ikki yoshli farzandini 85 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan samarqandlik er-xotin jinoyat ustida qo‘lga olindi. Bu haqda Daryo nashri Samarqand viloyat IIB axborot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati Oqtosh shaharchasida yashovchi er-xotin 2 yoshli farzandini 85 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan. Navoiy viloyatining Navbahor tumanida yashovchi fuqaro oldindan 50 mln so‘m, keyin esa qolgan 35 mln so‘mni berish sharti bilan bolani sotib olmoqchi bo‘lgan.

Qayd etilishicha, Navoiy viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘limi hamda departamentning Karmana tumani bo‘limi xodimlari tomonidan Karmana tumanidagi “Temurbek” kafesida er-xotin xaridordan 50 mln so‘mni olayotgan paytda qo‘lga olingan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Toshkentda qizini 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlangani xabar berilgandi.