Afg‘onistonda ayollar erkaklar bilan bir xil ta’lim dasturlarida ta’lim oladilar. Bu haqda chorshanba kuni Corriere della Sera gazetasida chop etilgan intervyusida «Tolibon» harakati vakili Zabihulla Mujohid, madaniyat bo‘yicha komissiya rahbari (toliblarning muvaqqat hukumatida madaniyat vaziri) ma’lum qildi, deb xabar bermoqda TASS.

«Biz ayollarning ta’lim olishi uchun sharoit tayyorlamoqdamiz. Ayollar erkaklar bilan bir xil: matematika, kimyo, tarix, biologiya fanlarini o‘rganadilar, jinsiga qarab alohida dasturlar bo‘lmaydi va diplomlar dunyoda tan olinadi», — dedi u.

Mujohid, shuningdek, Kobuldagi ba’zi ayollar allaqachon ishga qaytganini aytib, «zamon o‘zgarganini» tan oldi. «Birinchi Islom amirligidan beri [1996−2001 yillarda] ancha narsa juda o‘zgargan. Jamiyat o‘sha paytda ancha oddiyroq edi», — deydi u.

«Tolibon» vakili «Afg‘onistonda ildizlari bo‘lmagan» «Islom davlati» ga qarshilik ko‘rsatishiga ishontirdi. «Uni zararsizlantirish qiyin bo‘lmaydi», — deydi Mujohid.

Avvalroq, «Tolibon» o‘rta ta’limdagi qizlarning maktabga borishini cheklagani haqida xabar berilgan edi. «Tolibon» rasmiylari bu holatlarni «xavfsizlik nuqtai nazaridan» deya izohlagan.

11 sentabrda «Tolibon» hukumati oliy ta’lim vaziri Abdul Boqi Haqqoniy tomonidan e’lon qilingan qator tartib-qoidalarga ko‘ra, qizlar va o‘g‘il bolalar alohida sinflarda o‘qitiladi. «Biz o‘g‘il bolalar va qiz bolalar birga o‘qishlariga ruxsat bermaymiz», — deya ma’lum qilgan edi Haqqoniy. Qizlarga faqat ayol o‘qituvchilar dars berishi mumkin. Shuningdek, Haqqoniyning so‘zlariga ko‘ra, universitetda qizlarga o‘qitiladigan fanlar ham qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, Kobulda davlat xizmatida ishlovchi ayollarga ishga chiqish taqiqlanib, faqat ayrim kasb egalariga ishlashga ruxsat berildi.