O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent IIBB YHXB bo‘linmalarida avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun blank hamda plastiklar yetishmayotgani va shu munosabat bilan guvohnoma berish ishlari to‘xtatilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Poytaxt IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, IIBB YHXB transport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘linmalarida haqiqatdan ham transport vositalarining tegishli hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar kelib chiqqan.

Boshqarmaning eslatishicha, hukumatning 2017 yil 2 martdagi qarori bilan eski nusxadagi milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari 2022 yilning 1 yanvaridan o‘z kuchlarini yo‘qotadi.

«Ammo ko‘pchilik haydovchilar yuqoridagi hujjatlarni o‘z vaqtida yangilamadilar. Yil yakuni yaqinlashib borishi sari «texpasport»ni almashtirish bo‘yicha murojaatlar soni oshib bormoqda», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda yuqoridagi muammolar bartaraf etilgan, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining tumanlararo bo‘limlarida avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish guvohnomalarini topshirish ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2017 yil 1 oktabridan plastik shakldagi haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositalarining ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalar joriy etiladi. 2020 yil may oyida eski namunadagi hujjatlarni yangilariga almashtirish muddati 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.