O‘zbekiston Moliya vazirligi davlat budjetiga auksion asosida radar va kameralar o‘rnatish joylarini sotishdan tushayotgan pul mablag‘lari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Moliya vazirligining javobi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev tomonidan e’lon qilindi.

O‘tkazilgan statistikaga ko‘ra, 7 sentabr holatida elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan 11 ta tadbirkorlik subyektlaridan jami 86,7 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar budjetga kelib tushgan.

Joriy yil mart oyidan buyon tadbirkorlar yo‘l harakat qoidalari buzilishini foto va video qayd etish uchun yo‘l kameralari va radarlarni o‘rnatish huquqiga ega bo‘ldilar. Joylar auksion orqali qo‘lga kiritiladi — g‘olib o‘rnatish joyini keyinchalik boshqa tadbirkorlarga sotish huquqi bilan cheklanmagan muddatga sotib oladi.

2021−2022 yillarda mamlakatda tadbirkorlarni jalb qilish orqali 3356 ta videokamera va 763 ta radar o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Avgust oyi oxirida Toshkent markazidagi radar o‘rnatish joyi elektron auksionda boshlang‘ich bahosidan 95 barobar qimmatga — qariyb 3,5 mlrd so‘mga sotilgani haqida xabar qilgan edi.