Qo‘qon shahridagi muammolarni yoritib boruvchi bloger, Facebook`dagi «Qo‘qonjonim» guruhining asosiy ma’murlaridan biri Iqbol Komiljonov 15 sentabr kuni vafot etdi. Bu haqda Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Husan Mamajonov ma’lum qildi.

«8 kundan beri kasallik bilan kurashishimizga qaramasdan, „Qo‘qonjonim“ guruhi mualliflaridan biri Iqboljon Komiljonov vafot etdi. Hozirgi kundagi barcha diagnostik davolash ishlarini amalga oshirganimizga qaramasdan, afsuski, kasallik o‘z kuchini ko‘rsatib, vatandoshimiz vafot etdi», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, Iqbol Komiljonov 7 sentabr kuni og‘ir ahvolda shifoxonaga kelishi bilan jonlantirish bo‘limiga olingan. Unga ikki tomonlama pnevmoniya, qandli diabetning 2-turi, yurak ishemik kasalligining ikkinchi turi hamda nafas va qon aylanish tizimining buzilishi tashxisi qo‘yilgan. U shifoxonada 8 kun davomida davolangan.

Avvalroq Iqbol Komiljonovning zaharlangani va og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

«Iqboljonni o‘sha kuni kasalxonaga o‘g‘li va jiyani bilan birga olib bordim. Qorin sohasi va ichaklarida kuchli og‘riq borligini aytdi. Lekin hushi joyida edi. Qo‘qondan o‘zi keldi. Kasalxonaga ham o‘zi yurib bordi. Men uni shifoxonaga joylashtirib, uyga ketdim. Kechasi ahvoli og‘irlashib qolgani uchun reanimatsiyaga olishgan», — deya Daryo`ga ma’lum qildi blogerning opasi Shoira Komiljonova.

«Ertasiga zaharlanishga o‘xshayapti, deyishdi. Keyingi kuni esa shifokor chiqib, ukam koronavirus bo‘lganini, saturatsiyasi 60 ga tushib ketganini aytdi. Lekin o‘sha kuni topshirgan tahlillarida koronavirus aniqlanmadi. Shifoxonaga olib kelganimizda ham ukamda na yo‘tal, na isitma, na og‘riq bor edi. COVID-19 yoki pnevmoniyaning birorta belgisi yo‘q edi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Iqbol Komiljonovning opasi Xurshida Zokirovaning ma’lum qilishicha, blogerga koronavirus asoratlari, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemor yaqinlarining tibbiy ekspertiza tayinlash haqidagi so‘rovlari shifokorlar tomonidan rad etilgan.

«Ukamning holatini ko‘rib, zaharlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildik. Shifokorlarga bizda shunaqa shubha bor, ekspertiza qilib beringlar, dedik. Ular bemorda zaharlanish belgilari yo‘q, ekspertiza qilish shart emas, deyishdi. Bugun viloyat toksikologiya bo‘limi boshlig‘i kelgan ekan. Undan ukam zaharlangan bo‘lishi mumkinmi, ekspertiza qildirsak, aniqlab beradimi, deb so‘radik. U ekspertiza orqali bemordagi zaharli moddalarni aniqlash mumkinligini aytdi. Lekin bu yerdagi shifokorlar endi foydasi yo‘q, oradan 4 kun o‘tdi, osma ukollar qilindi, baribir qondan yuvilib ketgan bo‘ladi, deyishyapti. Shunaqa ekan, nimaga kelgan kunimiz ekspertizaga ruxsat berishmadi?», — deydi Xurshida Zokirova.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, bemor ko‘p yillardan buyon qandli diabet bilan kurashib kelgan. Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga chalingach, bemorda turli surunkali kasalliklar avj olgan. U shifoxonaga ichaklardagi muammo bilan murojaat qilgan.

Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Odil Umarovning ma’lum qilishicha, blogerning salomatligi bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar mutlaqo asossiz. Bemorda zaharlanish alomatlari mavjud bo‘lmagan.

«Bemorning yaqinlari zaharlanmaganmi, degan masalani qo‘yyapti. Ekspertiza o‘tkazib beringlar, deyishyapti. Bemorda qandli diabet xastaligi bo‘lgan. Qolaversa, u yaqinda koronavirus bo‘lgan ekan. Infeksiya o‘pkaga o‘tib, ikki tomonlama pnevmoniya rivojlangan. Tanadagi barcha xastaliklar birlashib, bosh miyaga ishemiya bergan. Bu bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishini keltirib chiqaradi. Tananing ba’zi a’zolarida chirish boshlangan. Ana shu chirishning orqasidan zahar chiqqan. Ya’ni kasallik organizmni zaharlayapti. Bu ichki zaharlanish, u tashqaridan tushmagan», — deydi markaz shifokori Elmurod Yo‘lchiyev.

AOKAning viloyat boshqarmasi rahbari Shohidbek Aslonov 11 sentabr Iqbol Komiljonov «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlangani haqida yozgan edi. Shuningdek, u «Eng ulug‘, eng aziz» an’anaviy tanlovining viloyat bosqichida «Eng faol ijtimoiy tarmoq guruhi administratori» deb topilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov ma’lum qilishicha, bloger Iqbol Komiljonovning vafot etganligi holati yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Marhumning o‘lim sabablarini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.