Marhum olim Andrey Kubatin Qozog‘istonning Nursulton shahrida joylashgan Xalqaro turkiy akademiyaning oltin medali bilan taqdirlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga olimning turmush o‘rtog‘i Feruza Jumaniyozova ma’lum qildi.

Ushbu medal 13 sentabr kuni Fanlar akademiyasining Milliy arxeologiya markazida olimning rafiqasiga topshirilgan.

Foto: Feruza Jumaniyozovaning Facebook sahifasidan

Feruza Jumaniyozovaning qo‘shimcha qilishicha, ushbu akademiyada Andrey Kubatin 2014 yilning ikkinchi yarmidan boshlab yarim yil faoliyat ko‘rsatgan. Marhum olim o‘sha vaqtda «Doislamskiye monetы Taraza — İslam öncesi Taraz sikkeleri» kitobini yozgan.

«Men shaxsan bu insonga va u yetakchilik qilayotgan akademiyaga butun oilam nomidan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman. Bunday e’tirof uchun katta rahmat, deb qolaman. Bu yuksak mukofot men uchun katta mas’uliyat. Bu mukofot menga turmush o‘rtog‘imning tadqiqotlarini to‘plab, alohida kitob holida nashr qilish, o‘zim ham u boshlagan ishlarni davom ettirish va farzandimizni otasidek yetuk olim qilib yetishtirish mas’uliyatini yuklaydi», — deydi Feruza Jumaniyozova.

Xalqaro turkiy akademiya prezidenti Darhan Xidiralining yozishicha, Andrey Kubatinning akademiya, umuman, turkiy xalqlar tarixini o‘rganishdagi xizmatlarini alohida e’tirof etsa arziydi. Qayd etilishicha, Kubatin vafotiga qadar uchta monografiya va saksondan ortiq ilmiy maqolalarga muallif, bir necha xalqaro konferensiyalar ishtirokchisi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oktabrida Andrey Kubatin koronavirus asoratlaridan vafot etgan edi.

2017 yilda olim Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xiyonat qilish) bilan ayblanib, besh yilga (apellyatsiyagacha — 11 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilingan edi. Ayblovga ko‘ra, u chet el olimiga noyob kitoblarning skaner qilingan nusxalarini bergan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bu ishni uydirma deb atashdi. 2019 yil sentabr oyida olim Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining qarori bilan reabilitatsiya qilindi.