Ispaniyada o‘rmon yong‘inlari tufayli minglab odamlar uylarini tashlab ketishdi

Ispaniya janubidagi Andalusiya hududida o‘rmon yong‘inlari natijasida 2 mingga yaqin odam o‘z uylarini tashlab ketdi. Yakshanba kuni yana oltita shahar va qishloq evakuatsiya qilindi. Fojiada favqulodda xizmat xodimlaridan biri halok bo‘ldi. Mahalliy OAVga ko‘ra, yong‘in natijasida 7,4 ming gektar maydon yonib ketgan. — VVS.


Fransiyada «sanitariya pasporti»ga qarshi norozilik namoyishlarida 120 mingdan ortiq kishi qatnashgan

Foto: Alaattin Dogru/Getty Images

Shanba kuni Fransiyaning bir qator shaharlarida jami 121 mingga yaqin odam «sanitariya pasporti»ga qarshi norozilik namoyishlarida qatnashdi. BFM TV’ning yozishicha, Parijdagi namoyishlarda 19 minggacha odam qatnashgan, politsiya ulardan 104 nafarini hibsga oldi. Huquqni muhofaza qilish organlarining uch xodimi jarohat oldi.

Nashrning eslatishicha, «sanitariya pasporti» qarshilari ketma-ket to‘qqizinchi shanba Fransiya shaharlari ko‘chalariga chiqishmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi haftalarda ishtirokchilar soni tobora kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Fransiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan shanba kuni norozilik namoyishlarida 140 ming kishi qatnashgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan ikki haftada esa mos ravishda 165 ming va 175 ming kishini tashkil qilgan. — BFM TV.


London mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazishga ruxsat beradi deb umid qilaman — Shotlandiyaning birinchi vaziri

Shotlandiya birinchi vaziri, Shotlandiya milliy partiyasi rahbari Nikola Sterjen Buyuk Britaniya hukumati hududning mustaqilligi bo‘yicha o‘tkaziladigan yangi referendumda hamkorlik yo‘lini tanlaydi, degan umidda. Bu haqda TASS RA’ga tayanib xabar bermoqda.

«Mening boshqaruv va siyosatga yondashuvim qarama-qarshilikka emas, balki, iloji boricha, hamkorlikka asoslanadi. Shuning uchun ham hamkorlik ruhida Shotlandiya va Britaniya hukumatlari 2014 yilda bo‘lgani kabi kelishuvga erishadi deb umid qilaman. Shotlandiya xalqining demokratik istaklari eshitiladi va hurmat qilinadi. Bu aniq — demokratiya g‘alaba qozonishi kerak va shunday bo‘ladi», deya keltiradi nashr Sterjenning so‘zlarini. Siyosatchining fikricha, agar 5,5 mln aholilik hudud ajralib ketsa, London va Edinburg o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yanada kuchayadi. «Mustaqil Shotlandiya va Buyuk Britaniyaning qolgan qismi o‘rtasidagi hamkorlik davom etadi, lekin bundan ham mustahkam asosda, Shotlandiya teng huquqli sherik bo‘ladi», — dedi u.

Sterjen o‘tgan hafta 2023 yil oxirigacha plebissit o‘tkazishni rejalashtirayotganini va koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtatilgan rejalar o‘zgarmasligini tasdiqladi. Biroq Londonda, Shotlandiya yetti yil oldin o‘z tanlovini qilganini hisobga olib, Edinburgga bunday huquqni bermasliklarini ta’kidlab kelishmoqda.

Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha referendum 2014 yilda bo‘lib o‘tgan edi. Ishtirokchilarning kamida 55 foizi Edinburg va London o‘rtasidagi ittifoqni saqlab qolish tarafdori bo‘lgandi.


Myanmada qarshilik kuchlari tomonidan 50 ga yaqin harbiy va politsiyachi o‘ldirildi

Myanmaning Chin shtati va Maguey hududida tinch aholi qarshilik kuchlari tomonidan uyushtirilgan ikkita hujum oqibatida 50 ga yaqin nafar harbiy va politsiyachi halok bo‘ldi. Xabarga ko‘ra, ikki uyushmaning 200 ga yaqin vakili Chin shtatidagi qishloqlardan biridagi harbiy postga hujum qilgan, biroq keyinroq ular orqaga chekinishgan. Shanba kuni kechqurun 400 kishi ikkinchi marta hujum uyushtirib, bu obyektni egallashga muvaffaq bo‘lishdi. Jang paytida 12 nafar askar halok bo‘ldi, qarshilik kuchlarining 8 nafar vakili jarohat olgan. O‘qotar qurol va o‘q-dorilarni tortib olgach, hujumchilar harbiy postni yoqib yuborishdi.

Maguey viloyatidagi politsiya postiga qilingan hujum paytida, huquqni muhofaza qilish organlarining besh xodimi o‘ldirildi, 3 nafar hujumchi yaralandi. Voqea joyiga qo‘shimcha kuch sifatida yuborilgan yana 30 nafar politsiyachi pistirmada o‘ldirilgan. — The Irrawaddy.

Bundan tashqari, Myanma qurolli kuchlari va Vetnam Mudofaa vazirligi qo‘shma korxonasiga tegishli 80 dan ortiq telekommunikatsiya minoralari qarshilik kuchlari tomonidan yiqitilgan. Maguey, Sagaing va Yangon viloyatlarida mamlakat harbiylari kamida 12 nafar tinch aholini otib o‘ldirdilar.

1 fevral kuni Myanmada harbiylar hukumat rahbarlari hibsga olingani va mamlakatda bir yilga favqulodda holat joriy etilgani haqida e’lon qilgan edilar. Ushbu qaror soxtalashtirilgan parlament saylovlari tufayli qabul qilingani ta’kidlangandi. Avgust oyida Myanma Davlat ma’muriy kengashi mamlakat muvaqqat hukumati tuzilishini e’lon qilgandi. Myanma qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, katta general Min Aun Xlayn bosh vazir lavozimini egalladi. 2023 yilning ikkinchi yarmida mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.


«Tolibon» Baradarning vafot etgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbarining o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar o‘ldirilgani yoki yaralangani haqidagi xabarlar asossiz, deya ma’lum qildi harakat rasmiy vakili Muhammad Sohail Shohin. «Mulla [Abdul] G‘ani Baradar Oxundning yaralangani yoki o‘ldirilgani haqidagi xabarlar asossiz va yolg‘on, men ularni qat’iy rad etaman», — deydi Shohin.

Avvalroq OAVda «Tolibon» guruhlari o‘rtasida otishma natijasida Baradarning yaralangani haqida xabarlar tarqalgan edi. — TASS.

Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha boshqa yangiliklar:

  • «Tolibon» xavfsizlik xizmati Mozori-Sharifda bolalarni o‘g‘rilab ketayotgan guruh yo‘q qilingani va to‘rt nafar voyaga yetmagan bola ozod qilinganini e’lon qildi. Harakat kuchlari bu maxsus operatsiyani dushanba kuni kechasi o‘tkazdi. Xabarga ko‘ra, guruhda to‘rt nafar afg‘on erkak va bir o‘zbek ayoli bo‘lgan. Ularning hammasi o‘ldirilgan. — Aamaj News.
  • Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon As-Soniy «Tolibon»ni majburiyatlarni bajarishga chaqirdi. Vazir, shuningdek, toliblarni ayollar huquqlarini hurmat qilishga va xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarni rivojlantirishga chaqirdi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Qatar samolyotlari Kobul aeroportiga uchishni davom etmoqda. — Interfaks.
  • BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dun’yuy Afg‘onistonda gumanitar vaziyatning yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mamlakat xalqiga shoshilinch yordam ko‘rsatish zarurligi haqida gapirdi. «FAO keyingi to‘rt oy ichida yana 3,5 mln kishiga yordam berish uchun zudlik bilan 36 mln dollarga muhtoj», dedi tashkilot direktori. Yil boshidan beri FAO 1,9 mlndan ortiq kishiga yordam berdi, deya qo‘shimcha qildi u. — TASS.
  • AQSh Afg‘onistonga 64 mln dollarga yaqin qo‘shimcha gumanitar yordam ko‘rsatadi, deb xabar berdi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild. Uning ta’kidlashicha, bu mablag‘lar afg‘onlarni zarur oziq-ovqat va toza suv bilan ta’minlashga yordam beradi. Bundan tashqari, gumanitar yordam ayollar, bolalar, etnik va diniy ozchiliklarni himoya qilish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga sarflanadi. — Interfaks.
  • Fransiya Afg‘onistonga 100 mln yevro miqdorida gumanitar yordami ko‘rsatadi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian.

Shuningdek:

  • BMW China Automotive Trading to‘la bakdan yoqilg‘ining sirqib to‘kilishi xavfi tufayli Xitoy bozoridan 142 754 ta avtomobilni qaytarib oladi. Sirqib to‘kilish baklarning konstruktiv kamchiliklari natijasi sodir etayotgani aytilmoqda. 2011 yil 7 sentabrdan 2016 yil 30 aprelgacha chiqarilgan, Xitoyga import qilingan 116i, 118i, 120i, 125i, 218i, 220i, 320i, 325i, 328i, 330i, 340i, 420i, 428i, 430i, 435i, 440i, M135i, M2, M235i, M3, M4 va Active Hybrid 3 modellari qaytariladi. 3 seriya mashinalarini qaytarib olish jarayoni boshlangan, qolgan avtomobillar 29 oktabrdan boshlab qabul qilinadi. Buzilgan qismlar bepul almashtiriladi.
  • KXDR 11 va 12 sentabr kunlari yangi uzoq masofali qanotli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. «Uchirilgan raketalar KXDR hududi va hududiy suvlari ustidan trayektoriyalar bo‘ylab 7580 soniya davomida uchib o‘tdi, 1,5 ming km masofadagi nishonlarni urdi», deyiladi xabarda.