Talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida turar joylar quriladi. Bu haqda hukumatning 9 sentabrdagi «Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida aytilmoqda.

Hujjatga asosan turar joylar qo‘yidagi shakllarda barpo etiladi:

  • loyihalarni tadbirkorning o‘z mablag‘idan kelishiladigan shartlar asosida moliyalashtirish;
  • loyihalarni tadbirkor va Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan aralash moliyalashtirish (kamida 200 o‘rinli turar joyni barpo etish uchun);
  • loyihalarni tadbirkorning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish (kamida 400 o‘rinli turar joyni barpo etish sharti bilan).

Qarorga muvofiq, turar joylarni qurish uchun viloyat hokimlari tomonidan OTMga 0,5 gektargacha yer unga yaqin joylardan ajratiladi. Tadbirkorga tegishli yer yoki binoda kamida 50 o‘rinli turar joy tashkil etish tizimi joriy etiladi.

Bunda, to‘lov OTM bilan kelishiladi hamda u yerda yashagan har bir talaba uchun tadbirkorga bir o‘quv yili uchun Toshkent shahrida BHMning 10 baravari, boshqa hududlarda esa 5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.

OTMlarning oshxona va bufetlarini olgan tadbirkorlarga davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llaniladi. Bunda, tadbirkorlar talabalar uchun sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar tayyorlash hamda ularni arzon narxlarda sotish majburiyatini olishi ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 228 ta talabalar turar joylari (400 o‘rinli) barpo etiladi. Shundan hududlarda 2022 yilda 47 ta, 2023 yilda 67 ta, 2024 yilda 62 ta, 2025 yilda 52 ta talabalar turar joylarining qurilishi belgilangan.

Shavkat Mirziyoyev yil boshida talabalar uylarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. O‘zbekistondagi 129 ta OTMda 500 ming nafar talaba tahsil olingani, lekin ular yetarlicha yotoqxonalar bilan ta’minlanmagani va Toshkentda 13 foiz talabalar yashash joyi bilan qamrab olingani ta’kidlangan edi. «Biz „boy“ davlatmizku — bizda ikki kishiga, bir kishiga xonalar bor… To‘rt kishiga xonalar bo‘lsin — platskartaga o‘xshab ikki etaj… Boyroq bo‘lsak, yuqoridagisini olib tashlaymiz», — degan edi prezident.

Fevral oyida Toshkentning Yunusobod tumanida beshta talaba noma’lum modda oqibatida zaharlanishidan vafot etgani, shuningdek, Bektemirda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida qurilishda yashagan va ishlagan talaba vafot etgani haqidagi xabarlardan so‘ng bu masala alohida ahamiyat kasb etgan edi.

Hukumat talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish uchun ishchi guruhlar tuzgan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov 2022—2025 yillarda yotoqxonalar qurish va yangi yotoqxonalar qurish uchun tadbirkorlarga subsidiyalar ajratish to‘g‘risida qaror loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar bergan.