O‘zbekiston va Turkmanistonda suv resurslaridan foydalanish darajasi tahlikali nuqtaga yetdi. Jumladan, O‘zbekiston o‘z suv zaxiralarining 169 foizidan, Turkmaniston esa 144 foizidan foydalanmoqda. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ekspertlari mazkur mavzuga bag‘ishlangan ikkita yangi hisobotida ma’lum qildi.

Tojikiston, Armaniston va Ozarbayjonda «suv stressi» o‘rtacha baholanmoqda, ularda bu ko‘rsatkich mos ravishda 62%, 56% va 54% ni tashkil etmoqda. Qirg‘iziston va Qozog‘istonda chuchuk suvdan foydalanish ko‘rsatkichi dunyo miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ortib, mos ravishda 50% va 33%ga yetgan.

Rossiya va Gruziya o‘z chuchuk suv zaxiralarining 4, Moldova — 12, Ukraina — 14%dan foydalanmoqda.

Zaxira suvlardan eng ko‘p foydalanish holati Quvaytda qayd etilgan — 3850%. Eng yaxshi vaziyat esa Kongoda kuzatilmoqda va ushbu mamlakatda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 0,03% ni tashkil etadi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish lozim. Global iqlim isishi ham qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deyiladi xabarda. Dunyoning ko‘plab mintaqalarida yog‘ingarchiliklar soni va davomiyligi o‘zgargan, qurg‘oqchilik va suv toshqinlari ko‘proq sodir bo‘lmoqda, shu sababli suv yetishmovchiligi yanada o‘tkirroq his etilib, suv resurslari sohasida raqobat kuchaymoqda.

«Suv resurslaridan samarali foydalanishga o‘tish barqaror agrooziq-ovqat tizimini tashkil etishga asoslangan», — dedi FAO bosh direktori Syuy Dun’yuy. FAOning qayd etishicha, dunyoda 72 foiz chuchuk suv qishloq xo‘jaligi, 16 foizi — sanoat ishlab chiqarish, 12 foizi — maishiy sohada qo‘llanilmoqda.

Dunyo aholisining uchdan bir qismga yaqinrog‘i — 2,3 milliard kishi — suv tiqchilligi kuzatilayotgan mamlakatlarda, 10 foiz yoki 733 million kishi — suv tahlikali darajada yetishmayotgan davlatlarda yashamoqda. Bu 733 million kishi nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki shaxsiy ehtiyojlari uchun ham suvga muhtoj.

FAOning ma’lum qilishicha, yaqin o‘n yillikda yanada ko‘proq mamlakat va hududlarda suv taqchilligi og‘irroq darajaga yetadi. Pekin, London, Mumbay va Tokio kabi yirik shaharlar 2050 yilga borib suv ta’minoti sohasida jiddiy muammolarga to‘qnash kelishi kutilmoqda.

Suv yetishmovchiligi darajasini o‘lchash uchun FAO ekspertlari «suv stressi» yoki suv resurslariga bo‘lgan bosim darajasi kabi ko‘rsatkichlardan foydalanadi. Ular suv iste’molining zaxiralarga nisbatan foizini hisoblaydilar.

2018 yilda dunyoda chuchuk suv zaxiralarining 18,4 foizidan foydalanilgan. Biroq ayrim hududlar, masalan Markaziy Osiyoda suv iste’moli hajmi dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlardan oshib ketgan.

FAO 2015−2018 yillar orasida dunyoda suv iste’moli samaradorligi ko‘rsatkichi 9 foizga o‘sganini qayd etdi. Mazkur ijobiy o‘zgarish asosan sanoat ishlab chiqarish sektori hisobiga sodir bo‘lgan.

86 ta davlatda 2006−2018 yillar orasida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligi o‘sgan.