Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiqda post-konstruktivizm ko‘rinishida qurilgan, mamlakatning eng mashhur obyekti bo‘lgan sobiq «Chirchikstroy» mehmonxonasi binosi buzilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Chirchiq shahar hokimligi axborot xizmati xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, mazkur obyektni («Chirchikstroy» mehmonxonasi — tahr.) buzish yoki qayta qurish yuzasidan hozirgi kunga qadar hech qanday rasmiy hujjat qabul qilinmagan.

Hokimlikning qayd etishicha, prezidentining 2021 yil 29 apreldagi «Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, Chirchiq shahar «Zakovat» ko‘chasi 2- uyda joylashgan, sobiq «Sanoat-iqtisodiyot kasb-xunar kolleji» binosi, shuningdek, sport inshooti va yonidagi sport maydoni Boks federatsiyasi tomonidan investitsiya majburiyati asosida sotib olishga rozilik berilgan.

«Ya’ni, ushbu hududda zamonaviy boks maktabiga asos solinadi hamda bu yerda kelgusida professional bokschilarni tarbiyalash ko‘zda tutilmoqda», deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo madaniy merosi rasadxonasi Alerte Héritage Chirchiqda buzilishi rejalashtirilayotgan ushbu binoni bo‘yicha xavotir bildirgan edi. Ushbu bino 1935−1936 yillarda loyihashtirilgan.

Tashkilot bayonotida bino «O‘zbekistonning ajoyib me’moriy yodgorligi» va «post-konstruktivizm shaklida qurilgan respublikaning eng mashhur obyekti» sifatida baholangan.