Oliy ta’lim muassasalarida xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish amaliyoti O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari yoki xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalarda tashkil etiladi. Bu Hukumat tomonidan 31 avgust kuni qabul qilingan (551-son) qarorda qayd etilgan.

Nizomga ko‘ra, amaliyot OTM tomonidan ishlab chiqiladigan hamda qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishiladigan dastur asosida tashkil etiladi.

Amaliyot bir o‘quv yilida bir marta 10 kundan kam bo‘lmagan va 30 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatlarda o‘tkaziladi.

Amaliyot 2 bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda. OTM tomonidan xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirgan iqtidorli 3-kurs talabalarining ro‘yxati tuziladi hamda ularga berilgan tavsiyanomalar bilan birga har yili 1 iyuldan kechikmagan holda, Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etiladi.

Saralab olishda talabalardan:

  • CEFR tizimining kamida S1 darajasiga mos keladigan chet tilini bilish to‘g‘risidagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi;
  • umumiy reyting (o‘zlashtirish) ko‘rsatkichlari 80 ball va undan yuqori bo‘lishi, fanlardan qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi talab etiladi.

Ikkinchi bosqichda. Nomzodlar Tashqi ishlar vazirligida qabul qiluvchi tashkilot talablari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda taqsimlanib, 20 iyulgacha suhbatdan o‘tkaziladi.

Amaliyotni o‘tash davrida talabaning belgilangan tartibda stipendiya olish huquqi saqlab qolinadi.

Quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil oluvchi talabalar xorijda amaliyot o‘tashi mumkin:

  • «Siyosatshunoslik»;
  • "Xalqaro munosabatlar";
  • «Xalqaro iqtisodiyot va menejment (mintaqalar va faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha)»;
  • «Yurisprudensiya (xalqaro huquqiy faoliyat)»;
  • «Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik (mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha)»;
  • «Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar (mintaqalar va faoliyat turlari bo‘yicha)».